Bir parcha yerga gul ekib, undan yaxshigina daromad qilsa bo‘ladi. Oqoltinlik tadbirkor Himoyatxon Eraliyeva esa buning uddasidan chiqdi. Bunda yaqinlari va farzandlarining yordami katta bo‘ldi.
U tumanning Farg‘ona shaharchasiga kiraverishdagi 15 sotix bo‘sh turgan yerga Namangan shahridan 12 ming dona xrizantema, ya’ni xalq tili bilan aytganda globus gulini keltirib ekkandi. Gulning xaridorgirligini aytmaysizmi, bir donasini gul shaydolari 20-25 ming so‘mdan olib ketyapti.
–Bu dunyoda gulni sevmaydigan, unga mehr quymaydigan kishi bo‘lmasa kerak. Ayniqsa, xotin-qizlar. Toshkentga o‘tganda va qaytganda yo‘l bo‘yida ekilgan, xayolingni olar darajada ochilgan, bir-biridan chiroyli va anvoyi gullarni ko‘rib, "men ham gulchilikni yo‘lga qo‘ysam bo‘larkan" degan gap so‘zlar xayolimdan o‘tgandi, –deydi Himoyatxon Eraliyeva. – Shundan keyin undan- bundan so‘rab gul yetishtirish sirlarini, internetda berilgan ma’lumotlardan o‘rgandim. Ozginagina yig‘ib quygan pulim bor edi. Shunga xrizantema gul ko‘chatlarini sotib oldim. Ana shunda "Gulchilik ham kasbmi, undan ko‘ra boshqa faoliyat turi bilan shug‘ullansangiz bo‘lmaydimi" deya aytganlar ham bo‘ldi. Ammo maqsadimdan qaytmadim. Ko‘rib turganingizdek, gul ekib, kam bo‘lmadim. Kelib -ketuvchilar, "gul ekmang" deya aytganlar ham mendan xrizantema gulini ekish, uni parvarishlash sir-asrorini o‘rganib ketishyapti.

Himoyatxon ekkan nafis va chiroyli bo‘lib ochilgan xrizantema maydonchasi gulchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan oqoltinlik gulsevarlar uchun sinov-tajriba uchastkasi vazifasini o‘tyapti. Shu bugunga qadar oqoltinliklar Sayxunobod tajribasini o‘rganib, hovlisidagi bo‘sh turgan yer maydonlariga to‘qsonbosti ekinlari qatoriga Himoyatxon maslahati asosida xrizantema va atirgul ko‘chatlarini ekishyapti.
–Ishsiz va daromadsiz xotin-qizlar uchun Himoyatxon boshlab bergan gulchilik yo‘nalishi yangilik bo‘ldi,–deydi "Farg‘ona"lik Mastura Xolmatova.– So‘rab-surishtirsak, nafaqat xrizantema,balki atirgullarning ham xaridori ko‘p ekan. Farzandlarim bilan kelishib, hovlimizda bo‘sh turgan 8 sotix yer maydoniga atirgulning bozorbop navini keltirib ekmoqchimiz. Xarajati uncha katta bo‘lmasa-da, gul ko‘chatini sotib olishimiz uchun mablag‘ ketadi. Buning uchun tijorat bankidan kredit olib, gulchilikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqdamiz.
"Izlagan imkon topadi" deya bejizga aytilmagan. Himoyatxon Eraliyeva buni qalbdan tushunib, gulchilikka qo‘l urib, kam bo‘lgani yo‘q. "Bilasizmi, gulchilikning orqasidan ham ishli, ham daromadli bo‘ldim. Kelgusida bu faoliyatimni yanada kengaytirmoqchiman" deydi u.
Ayni vaqtda Oqoltinda Himoyatxondan boyroq kishi yo‘q. 15 sotix yerga ekilgan va ko‘paytirilgan xrizantema gullari oilasiga kattagina daromad keltirayapti. Kelgusida u 15 sotix emas, 1 gektar yerga xrizantema va boshqa gul ko‘chatlarini ekib, Oqoltinda gulchilik o‘quv markaziga asos solmoqchi. Buning uchun unda yetarlicha bilim, tajriba bor.
–Bilasizmi, boqimandalik yomon odat. Harakat qilgan odam, kaftdek yerdan daromad topib, ro‘zg‘orini but, dasturxonini to‘kin qilsa bo‘ladi. Buni nafaqat men, farzandlarim ham yaxshi bilgani bois, kaftdek yerga mehr berib, qilgan mehnatimizdan baraka topmoqdamiz, – deydi u.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri