Vatanimiz tarixidagi 14 oktyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1182 yil (bundan 842 yil oldin) – tarixchi olim Ziyo Bunyodovning ma’lumot berishicha, xorazmshoh Takash (hukmronlik davri 1172–1200 yillar) Movarounnahr ustiga yurish qildi va Buxoroni egalladi. Shaharni olish uchun bo‘lgan jang haqida uning zafar yorlig‘i – fathnomasi darak beradi.
Yorliqda aytilicha, “olovday dahshatli, shamolday uchqur” Xorazm qo‘shini bir lahzada Jayxun (Amudaryo)dan o‘tdilar va Buxoro zaminiga bostirib kirdilar. Buxoroda Xorazmshoh Takash nomiga xutba o‘qildi va tanga zarb qilina boshlandi. Xorazmshoh bu yerda ikkita farmon e’lon qildi.
Ziyo Bunyodovning qayd etishicha, Buxoroni olish Takash uchun oson bo‘lmadi. Shahar aholisi taslim bo‘lishni istamagan. Hatto ular Xorazmshohni masxara qilib, ustidan kulganlar. Ular bir ko‘zli itni olib kelib (Takashning bir ko‘zi ko‘r edi) chakmon va kalonsuv kiydirib, qal’a devori tepasiga chiqarib qo‘ydilar va “Mana sizning xorazmshohingiz”, deb manjanaqdan o‘qqa tutadilar. Ammo, Buxoro qo‘lga kiritilgandan keyin Xorazmshoh shafqatli ekanini ko‘rsatdi, ularni qo‘rsligi uchun jazoga tortmadi.
1440 yil (bundan 584 yil oldin) – Amir Temurning farzandi Shohruxing otalig‘i, buyuk amir Alouddin Alika Ko‘kaldosh 90 yoshida vafot etdi. Ko‘kaldosh shahzoda enagasining o‘g‘li, sut emishganlik jihatidan shahzodaga birodar bo‘lgan kishi hisoblanadi. Go‘dak shahzodalarni yangi farzand ko‘rgan onalar emizib o‘stirgan, enaganing zavji atka deb atalgan. Xuddi shu enaganing o‘g‘li ko‘kaldosh deyilgan va bir onadan sut emgani hurmatidan ular saroyda katta nufuzga ega bo‘lganlar.
1682 yil (bundan 342 yil oldin) – Ashtarxoniylar sulolasidan bo‘lgan Balx hukmdori Subhonqulixon keksayib qolgan akasi Abdulazizxonning taklifi bilan Buxoro xonligi taxtiga o‘tirdi.
1871 yil (bundan 153 yil oldin) – Xiva xonligida otasi Muhammad Nazarbek qo‘shbegi vafot etgach, Xudoyor qo‘shbegi mazkur mansabga tayinlandi. U Xiva xoni Muhammad Rahimxon II ga 37 yil davomida sadoqat bilan xizmat qilib, 1908 yili olamdan o‘tgan.
1899 yil (bundan 125 yil oldin) – jurnalist, tarjimon va jamoat arbobi Usmonxon Eshonxo‘jayev tavallud topdi (vafoti 1938 yil). U 1921–1922 yillarda Turkiston ASSR Maorif xalq komissari bo‘lgan. 1922 yil iyuldan Turkiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti matbuot sektori boshlig‘i, tashviqot va targ‘ibot bo‘limi mudirining o‘rinbosari va bo‘lim mudiri sifatida faoliyat olib borgan. Qatag‘onga uchrab, otuvga hukm qilingan.
1917 yil (bundan 107 yil oldin) – Qo‘qon jamoatchiligi yig‘ilishida shahar Dumasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda shahar Dumasi a’zolarining o‘z vazifalarini sidqidildan, vijdonan bajarishlari to‘g‘risidagi qasamyodi o‘qib eshittirilgan. Yig‘ilishda 52 nafar shahar Dumasi a’zolari qatnashgan. Qo‘qon shahar Dumasining raisi, shahar boshlig‘i va shahar boshqaruvi a’zolari saylangan.
1924 yil (bundan 100 yil oldin) – Rossiya Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasi (Butunrossiya) Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining ikkinchi sessiyasida Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining milliy-hududiy chegaralanishi to‘g‘risidagi qarori ayrim tuzatishlar bilan qabul qilindi. Sessiya qarori bilan O‘rta Osiyodagi Turkiston ASSR, Buxoro va Xorazm respublikalari o‘rnida O‘zbekiston SSR va Turkmaniston SSR, shuningdek, Tojikiston ASSR, Qoraqalpoq va Qoraqirg‘iz (aslida Qirg‘iz) avtonom viloyatlari tuzilishi belgilandi.
1937 yil (bundan 87 yil oldin) – Toshkentda Buxorodagi jadidchilik harakatining yirik namoyandasi, davlat va jamoat arbobi Otaulla Xo‘jayev (Otaulla Po‘latxo‘jayev) boshchiligidagi Buxoro Xalq Sovet Respublikasining 17 kishidan iborat sobiq rahbar arboblari “Milliy Ittihod” tashkilotining a’zosi sifatida ayblanib, O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi huzuridagi troyka (uchlik) qaroriga binoan otib tashlandi.
1938 yil (bundan 86 yil oldin) – Toshkentda SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda 36 mahbus “xalq dushmani” degan ayblov bilan oliy jazo – otuvga hukm qilindi va hukm o‘sha kuniyoq ijro etildi.
1941 yil (bundan 83 yil oldin) – Moskva viloyati Ximki shahridan ko‘chirib keltirilgan zavod asosida Toshkent aviatsiya zavodi barpo etildi. Bu zavod o‘sha vaqtda front uchun qiruvchi samolyotlar ishlab chiqargan.
1963 yil (bundan 61 yil oldin) – O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti “O‘zbekiston SSRda arxiv ishini yaxshilash tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Bu qaror idoraviy arxivlar, ya’ni tashkilotlar arxivlari ishini yaxshilashda muhim rol o‘ynadi. Unga ko‘ra, idora arxivlarini 2–3 yil ichida tartibga solishni tugatish, doimiy saqlanadigan hujjatlarni davlat arxivlariga topshirish, arxivlarning o‘zini esa hujjatlarni beshikast saqlashga yaraydigan binolarga joylashtirish va ularni malakali kadrlar bilan ta’minlash keng yo‘lga qo‘yildi.
1994 yil (bundan 20 yil oldin) – Jinoyat-qidiruv politsiyasi (Interpol) Bosh assambleyasining 63-sessiyasida O‘zbekiston Interpol xalqaro tashkilotiga qabul qilindi.
1994 yil (bundan 20 yil oldin) – Londondagi asl metallar bozori uyushmasi Zarafshon affinaj (oltin tozalash) zavodiga eng maqbul oltin quymalar maqomini tasdiqlovchi sertifikat berdi, bu esa O‘zbekistonning tamg‘asi butun dunyoda eng yuqori sifat belgisi ekanini bildiradi.
2017 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Xiva shahridagi Nurillaboy saroy majmuasini ko‘zdan kechirdi. Prezident, shuningdek, “Ichan qal’a” muzey qo‘riqxonasi hududidagi “Pahlavon Mahmud” majmuasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida ushbu hududda ham bo‘ldi.
2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi