Hurmatli Szin Litsyun janoblari!
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Sizlarni O‘zbekiston zaminida, ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrida ko‘rib turganimdan benihoya xursandman.
Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining yillik yig‘ilishi mintaqamizda ilk bor o‘tkazilmoqda. Bu nufuzli anjumanning navbatdagi, to‘qqizinchi majlisi uchun aynan O‘zbekiston tanlanganini biz o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorligimizning yuksak namunasi, deb bilamiz.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston muhim global va mintaqaviy masalalarni muhokama qilish, ularga samarali yechimlar topish uchun xalqaro muloqot maydoniga aylanib boryapti.
Bugungi anjumanimizda dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlaridan 2 mingga yaqin vakillar qatnashmoqda. Sizlar mamlakatimizdagi jadal islohotlar, qulay investitsiya va tadbirkorlik muhiti bilan yaqindan tanishib, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab olasizlar.
Shu bilan birga, yurtimizning boy tarixi va zamonaviy qiyofasini o‘zida mujassam etgan Samarqand shahri barchangizda o‘chmas taassurot qoldiradi, deb ishonaman.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Hech kimga sir emas, dunyodagi tahlikali vaziyat kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Hozirda jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyat, global iqtisodiyotdagi beqarorlik, oziq-ovqat va energiya resurslari tanqisligi, kambag‘allik, ekologiya muammolari tobora o‘tkir tus olib bormoqda. Masalan, o‘rtacha global harorat 2040 yilga qadar 1,5 darajaga ortishi prognoz qilingan edi. Lekin hozirgi vaziyatda bu holat 2030 yildayoq yuz berishi mumkinligi bizni jiddiy xavotirga solyapti.
Dunyo aholisining to‘rtdan bir qismi toza ichimlik suvi muammosiga duch kelmoqda. Iqlim o‘zgarishi sur’atlari tezlashishi oqibatida oziq-ovqat tanqisligi global xavfga aylandi. Natijada dunyoda 800 millionga yaqin aholi o‘ta og‘ir kambag‘allik sharoitida yashayapti.
Turli mintaqalarda avj olayotgan ziddiyatlar bois an’anaviy logistika yo‘nalishlari mutlaqo o‘zgaryapti. Mahsulot yetkazish zanjiridagi uzilishlar xomashyo va iste’mol tovarlarining qimmatlashishiga sabab bo‘lyapti.
Bularning barchasi – mavjud infratuzilmaga bo‘lgan yuklamani keskin oshiradi va global iqtisodiy taraqqiyotga katta to‘siq bo‘ladi. Ekspertlar fikriga ko‘ra, 2030 yilgacha dunyoda yangi infratuzilma uchun 15 trillion dollar investitsiya talab qilinadi.
Shuningdek, xorijiy investitsiyalar oqimi so‘nggi ikki yildan buyon 10 foizdan kamaymoqda, dunyoda moliyaviy resurslar qariyb 2 barobar qimmatlashdi.
Bular barcha mamlakatlarning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishini qiyinlashtirmoqda.
Bunday sharoitda global xavf-xatarlar oqibatlarini yumshatish, barqaror o‘sish, aholi turmush sharoitini yaxshilashda xalqaro moliya tashkilotlarining roli yanada oshib bormoqda. Bu borada Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki qisqa davr ichida 55 milliard dollarlik loyihalar portfeli bilan nafaqat mintaqa, balki jahon miqyosidagi eng nufuzli moliya tashkilotlaridan biriga aylanganini alohida e’tirof etish lozim.
Aziz do‘stlar!
So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar va tub o‘zgarishlar jadal amalga oshirilmoqda. Biz iqtisodiyotni liberallashtirish, xalqimizning turmush darajasi va farovonligini yuksaltirishga asosiy e’tibor qaratyapmiz.
O‘tgan davrda yalpi ichki mahsulotimiz hajmi 2 barobar ko‘payib, ilk bor 100 milliard dollardan oshdi. Kelgusi besh yilda bu raqamni 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – mamlakatimizni aholisi daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga olib chiqishdir. Ushbu maqsadlarga erishish uchun oldimizga katta-katta marralarni qo‘yganmiz.
Birinchi. Biz to‘rt yil ichida mamlakatimizdagi kambag‘allik darajasini 23 foizdan 11 foizga tushirishga erishdik.
Joriy yil bu ko‘rsatkichni 9 foizgacha, 2030 yilga qadar esa 2 barobar pasaytirishni maqsad qilganmiz.
Bizning islohotlarimiz tub negizida tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, odamlarimiz uchun barcha sohalarda yangi ish o‘rinlarini va daromad manbalarini ko‘paytirishdek ustuvor vazifa mujassam.
Shu bilan birga, aholining sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, eng og‘ir hududlarda infratuzilma tarmoqlarini barpo etishni qamrab olgan “ko‘p o‘lchovli” kambag‘allikni qisqartirish dasturini amalga oshiryapmiz.
Shu bois ilg‘or xorijiy yondashuvlar asosida eng quyi bo‘g‘in – mahalla darajasiga tushgan holda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Yaqinda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori janob Abxijit Banerji “O‘zbekistondagi mahalla tizimi har bir muhtoj oilani kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha o‘zining noyob retseptiga ega”, deb ta’kidlagani ham bejiz emas.
Ikkinchi. Inson kapitalini rivojlantirishni mamlakatimiz barqaror va uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishining mustahkam poydevori, deb bilamiz.
Bu borada so‘nggi sakkiz yilda maktabgacha ta’lim qamrovini 27 foizdan 74 foizga oshirdik.
Yangi maktablar qurilib, qo‘shimcha 800 mingta o‘quvchi o‘rni yaratildi. Oliy o‘quv yurtlari soni 200 dan oshib, qamrov 9 foizdan 38 foizga yetdi.
Biz kelgusi 3-4 yilda maktabgacha ta’lim qamrovini kamida 80 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz. Buning uchun xususiy sektor bilan birga 240 ming o‘rinli bog‘chalar barpo etiladi.
Shuningdek, kelgusi yildan boshlab, davlat-xususiy sheriklik asosida har yili barcha shahar va qishloqlarda eng ilg‘or standartlarga mos keladigan 100 tadan yangi maktablarni ishga tushirishni reja qildik. Bunga kelgusi yillarda 2 milliard dollar investitsiya kiritamiz.
Biz ta’limdagi loyihalarni xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorligimizning yangi istiqbolli yo‘nalishi sifatida belgilab olishni taklif qilamiz.
Uchinchi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda energetika, suv, transport, IT va boshqa infratuzilmalarni yaxshilash uchun yillik ehtiyojimiz yalpi ichki mahsulotning 10 foiziga teng.
Shu ma’noda, bugungi anjuman “Barcha uchun barqaror infratuzilma yaratish” mavzusida o‘tkazilayotganini olqishlaymiz.
Bu borada xalqaro moliya tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilib, katta tajriba orttirdik. Buning natijasida ushbu sohalarga xususiy sektor faol kirib bormoqda.
Biz 2030 yilgacha 30 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha katta dastur qabul qildik. Xususan, “Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” yo‘nalishlarida pullik avtomobil yo‘llari, “Toshkent – Samarqand”, “Samarqand – Navoiy – Buxoro” yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temir yo‘l qurish loyihalari amalga oshiriladi.
Respublikaning 6 ta xalqaro aeroportini modernizatsiya qilishni davlat-xususiy sheriklikka beramiz.
Shuningdek, kelgusi besh yilda elektr, suv va gaz taqsimlash tarmoqlarini boshqarish xususiy operatorlarga o‘tadi. Masalan, Samarqand viloyatining elektr tarmoqlarini boshqaruvga olish bo‘yicha o‘tkaziladigan tenderga 50 dan ziyod xorijiy nufuzli kompaniyalar o‘z qiziqishini bildirdi.
Shu bilan birga, bizda har yili 100 mingdan ziyod xonadonli uy-joylar qurilmoqda. Masalan, Toshkent, Samarqand, Namangan va Andijon kabi yirik shaharlarimiz hamda qolgan viloyatlar markazlariga yo‘ldosh “Yangi O‘zbekiston” shaharchalarini qurish bo‘yicha katta loyihalarni amalga oshiryapmiz.
Bu borada o‘rta shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha 200 million dollarlik, qishloq joylaridagi infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha 130 million dollarlik loyihalarni Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda boshlaganimizni alohida e’tirof etmoqchiman.
Ishonchim komil, Bank va boshqa hamkorlarimiz bilan bunday infratuzilmaviy loyihalarni yanada kengaytiramiz.
To‘rtinchi. “Yashil” iqtisodiyotni jadal rivojlantirishni oldimizga ustuvor vazifa sifatida qo‘yib, 2030 yilgacha “yashil” energiya manbalarini 40 foizga yetkazish bo‘yicha katta marra olganmiz.
Bu borada Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki 2030 yilga borib jami portfelining 50 foizini iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq loyihalarga yo‘naltirishi bizning maqsadlarimiz bilan hamohang.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yirik “yashil” energiya loyihalarida Bank nufuzli xorijiy kompaniyalar bilan birga ishlab, bu sohada global darajada yangi andozalarni yaratmoqda.
Biz kelgusi yillarda yana 18 gigavatt quyosh va shamol, 3 gigavatt gidro elektr stansiyalari, 5 gigavatt energiya jamlash sig‘imlari hamda 5 milliard dollarlik elektr tarmoqlarini ishga tushiramiz.
Mazkur loyihalar orqali yirik “yashil” ma’lumotlar markazlarini ham yaratmoqchimiz. Bu – barcha xalqaro moliya tashkilotlari uchun ham jozibador loyiha bo‘ladi, deb hisoblayman.
Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan yiliga 100 million dollarlik “yashil” sertifikatlar bozori shakllanib, bu xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishi bo‘lishiga ishonaman.
Qo‘shni mamlakatlar ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha katta loyihalarni boshlaganini qayd etish lozim. Kelgusi yillarda qayta tiklanuvchi energiya resurslariga boy Markaziy Osiyo jahon energetika bozorlariga “yashil” energiya yetkazib beradigan yirik eksportchiga aylanishi uchun katta qadamlar tashlayapmiz. Bu borada Transkaspiy elektr tarmog‘ini barpo etish loyihasi katta salohiyatga ega ekanini alohida ta’kidlamoqchiman.
Shu o‘rinda, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki boshchiligida Markaziy Osiyoda “yashil” energiyani rivojlantirish dasturini amalga oshirishni taklif qilaman.
Beshinchi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo aholisi 80 milliondan oshdi. Mintaqaning yalpi ichki mahsuloti kelgusi besh yilda 700 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, mintaqamizda yirik infratuzilma loyihalariga talab kun sayin ortib bormoqda.
Hozirda amalga oshirish boshlangan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish ana shunday yirik mintaqaviy infratuzilma loyihasiga yaqqol misoldir.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslari taqchilligi muammolari ayniqsa o‘tkir tus olmoqda.
O‘zbekiston bu borada o‘z strategiyasini ishlab chiqib, kelgusi besh yilda suvdan foydalanish samaradorligini 25 foizga oshirish orqali 15 milliard kub metr suvni tejash bo‘yicha katta loyihalarni boshlagan.
Lekin suv muammosini hal qilish butun mintaqa davlatlari va xalqaro moliya tashkilotlarining birgalikda ishlashini talab qiladi.
Shu bois, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda suv tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surmoqchiman. O‘ylaymanki, qo‘shnilarimiz ham bu tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaydi.
Hurmatli bank boshqaruvchilari!
O‘zbekiston barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining hissasini yuqori baholaydi.
Bugungi kunda infratuzilma, energetika, transport, suv ta’minoti va barqaror rivojlanish yo‘nalishida Bank bilan 3 milliard dollarlik 15 ta loyiha amalga oshirilyapti.
Mamnuniyat bilan aytishim kerakki, bularning hisobidan O‘zbekiston bankning TOP-10 ta hamkoridan biriga aylandi. Misol uchun, Bank bilan hamkorlikda Buxoro viloyatidagi ichimlik suvi tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha 720 million dollarlik loyiha qariyb 1,5 million aholini toza ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlaydi. Yoki “Buxoro – Xiva” temir yo‘lini elektrlashtirish loyihasini ishga tushirish natijasida Xiva shahriga yiliga qo‘shimcha 1 million turist jalb qilish imkoniyati yaratiladi.
Ta’kidlash kerakki, shu kunlarda Bank bilan kelgusi uch yilda yana 4 milliard dollarlik loyihalar dasturini amalga oshirishga kelishib oldik.
Fursatdan foydalanib, biz bilan birgalikda loyihalarni amalga oshirayotgan va keng ko‘lamli islohotlarimizni qo‘llab kelayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szin Litsyun janoblariga, Bankka a’zo davlatlar hukumatlari va boshqaruvchilariga yana bir bor chuqur minnatdorlik bildiraman.
O‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishish yo‘lida Bankning barcha jamoasiga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Shuningdek, bugun anjumanda ishtirok etayotgan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki hamda yirik kompaniya va investorlarga o‘zimning alohida hurmat va ehtiromimni izhor etaman!
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Kelgusi ikki kunda Bank boshqaruvchilari oldida juda muhim global va mintaqaviy muammolarga zamonaviy yondashuvlar asosida yechimlar topish, yangi loyiha va dasturlarni muhokama qilish kabi mas’uliyatli vazifalar turibdi.
Sizlar qabul qiladigan qarorlar Bankka a’zo mamlakatlarda yashaydigan 6 milliarddan ziyod aholining kundalik hayotiga bevosita ta’sir qiladi.
Ushbu ulkan vazifalarni amalga oshirishda sizlar o‘zingizning chuqur bilim, boy tajriba va kuch-g‘ayratingizni ayamaysizlar, deb ishonaman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va qadimiy Samarqandda ishlaringiz muvaffaqiyatli bo‘lishini tilayman.
Siz, aziz do‘stlarimizni O‘zbekistonga yana ko‘p bor kelishingizni kutib qolamiz.