Shaxmatchi qizlarimiz Angliyani mag‘lubiyatga uchratdi
Budapeshtda davom etayotgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasining ortda qolgan 10-turida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Xitoy shaxmatchilariga qarshi bahs olib bordi.
Murakkab kechgan o‘yinda Nodirbek Abdusattorov va Ding Lijen o‘rtasidagi o‘yin durang bilan yakunlandi. Nodirbek Yoqubboyev va Javohir Sindorov Yi Vei va Yangyi Yuga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shamsiddin Vohidov Yue Vangni chiroyli tarzda mag‘lubiyatga uchratdi. Umumiy ko‘rinishda Xitoy-O‘zbekiston uchrashuvi 2,5:1,5 hisobida poyoniga yetdi.

Xitoyliklar ushbu g‘alabadan keyin turnir jadvalida 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Hamyurtlarimiz esa hozircha 5-o‘rin bilan kifoyalanib turibdi.
10-turda AQSHni 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etgan Hindiston 19 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.

Ayollar o‘rtasidagi musobaqada mamlakatimiz shaxmatchi qizlari 3:1 hisobida Angliyani mag‘lubiyatga uchratdi. O‘yin davomida Afro‘za Hamdamova va Nilufar Yoqubboyeva raqiblari bilan murosa yo‘lini tanlagan bo‘lsa, Umida Omonova hamda Nodira Nodirjonova ingliz shaxmatchi qizlarini dog‘da qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.
Ushbu g‘alaba O‘zbekiston ayollar terma jamoasiga 18 ochko bilan turnir jadvalining 18-pog‘onasidan joy olishini ta’minladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA