Rossiya Federatsiyasining Krasnoyarsk shahrida erkin kurash bo‘yicha "Buvaysar Saytiyev sovrini uchun" o‘tkazilgan 19-xalqaro turnirda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zosi Ulug‘bek Rashidov 48 kilogramm vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
12 ta mamlakatning 300 dan ziyod kurashchilari ishtirok etgan xalqaro turnirning saralash musobaqalarini muvaffaqiyatli o‘tkazgan Ulug‘bek Rashidov final bellashuvida Qirg‘iz Respublikasi vakili Sadur Kayipbekovni mag‘lub etdi.

G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida O‘zbekiston terma jamoasi safida Parij Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan Razambek Jamalov Ulug‘bekni tabriklab, mamlakatimiz yosh sportchilari orasida iste’dodlar yetishib chiqayotganini e’tirof etdi.
Mazkur nufuzli turnirda terma jamoamiz a’zolaridan Faxriddin Nasriddinov 55 kilogrammda bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA