Humoyun Sultonov Ispaniyada yana g‘alaba qozondi
Ispaniyaning Malorka shahrida tennis bo‘yicha «Chellenjer» turkumiga kiruvchi «Rafa Nadal Open by Movistar» turnirida hamyurtimiz Humoyun Sultonov yakkalik bahslarida yarim finalga chiqdi.
Mashhur tennischi Rafael Nadal tomonidan tashkil etilayotgan mazkur turnirning yakkalik bahslari chorak final bosqichida mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi H.Sultonov iordaniyalik Abdulla Shelbayhni uch setda 2:6, 7:5, 6:2 hisobida mag‘lub etdi.
Shu tariqa, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Humoyun Sultonov ushbu bosqichda xorvatiyalik Duye Aydukovich bilan raqobatlashadi. Uchrashuv mamlakatimiz vaqti bilan bugun, 31 avgust kuni soat 21:30 da boshlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA