O‘zbekiston oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari qasamyod qabul qildi
30 avgust kuni joriy yilda Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan birinchi bosqich kursantlarining tantanali “Vatanga qasamyod” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.
Xususan, erta tongdan Qurolli Kuchlar akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasida mazkur oliy harbiy ta’lim muassasalariga yangi qabul qilingan kursantlar Vatanga qasamyod qabul qildi.
Tantanali tadbirlarda mudofaa vazirining o‘rinbosarlari, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi a’zolari, harbiy xizmatchilar, ota-onalar va kursantlar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar kursantlarni ona Vatanni qo‘riqlash kabi sharafli kasbni egallash yo‘lidagi ilk qadamlari bilan qutladi.
Shuningdek, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida kursantlar Vatanga qasamyod keltirish uchun saf tortdi. Marosimda mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar bosh shtabi boshlig‘i ishtirok etdi.
Bundan tashqari, Harbiy aviatsiya instituti, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida ham “Vatanga qasamyod” tantanalari yuqori saviyada o‘tkazildi.
Aloqa institutidagi marosimda keng jamoatchilik vakillari yurtimizda harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar, ularning ijtimoiy himoyasi yo‘lidagi islohotlar haqida gapirar ekan, barchaning o‘qish va keyingi xizmatlariga muvaffaqiyatlar tiladi.
[gallery-19025]
Kursantlar davlatimizning muqaddas ramzi bo‘lgan bayroqni o‘pib, buyuk ajdodlarning pok ruhlari oldida, Vatani oldidagi burchini halol bajarishga bel bog‘lab, vijdoni, or-nomus va sha’nini o‘rtaga qo‘yib, O‘zbekiston Respublikasiga, xalqiga va Prezidentiga bir umr sodiq bo‘lishga, har qanday mashaqqatli sinov va qiyinchiliklarda ham el-yurtining yuksak ishonchini oqlashga yaqinlari va keng jamoatchilik guvohligida tantanali ravishda ont ichdi.
O‘zA