Navoiyda 430 ta saylov uchastkasi tuzildi
Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Viloyatda saylov uchastkalarini tuzish va hududiy saylov komissiyasi huzurida Matbuot markazini tashkil etish masalalari ko‘rilgan yig‘ilishda komissiya raisi o‘rinbosari Gulnoz Aslonova ma’ruza qildi.

– Saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va ko‘pi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tuziladi, – deydi G.Aslonova. – Hududiy saylov komissiyasiga “Ye-saylov” axborot tizimi orqali 3 ta shahar va 8 tuman hokimliklarining saylov uchastkalarini tuzish to‘g‘risidagi taqdimnomalari kelib tushgan. Taqdimnomada saylov uchastkasi chegaralari doirasidagi mahalla va ko‘chalar nomlari, uylar va ko‘p qavatli uylarning tartib raqamlari, saylovchilar soni hamda uchastka saylov komissiyasi joylashadigan binoning manzili va kadastr raqami ko‘rsatilgan. Shuningdek, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylaridagi saylov uchastkalari ushbu muassasalar boshliqlarining taqdimnomasiga binoan hududiy saylov komissiyalari tomonidan tuziladi. Bu saylov uchastkalari ular joylashgan hududdagi saylov okruglariga kiradi.

Viloyatda 430 ta saylov uchastkasi tuzilgan bo‘lib, ularning 289 tasi umumta’lim maktablarida, 53 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlari binolarida, 26 tasi litsey va texnikumlarda, 25 tasi madaniyat va sport markazlarida, 12 tasi davlatga qarashli korxona va tashkilotlar binolarida, 11 tasi tibbiyot, sanatoriya va dam olish maskanlarida, 11 tasi harbiy qism, ozodlikdan mahrum etish muassasalari binolarida, 2 tasi oliy o‘quv yurtlari va 1 tasi tadbirkorlarga tegishli binoda tashkil etilgan.

Yig‘ilishda 4 kishidan iborat Matbuot markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan qaror qabul qilindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri