«Seeds for the future-2024»: IT ta’limda hech qanday chegara yo‘q
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan «Seeds for the future-2024»da Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoning 14 davlatidan 150 nafar talaba, 14 nafar o‘qituvchi va akademiklar ishtirok etmoqda.
– Ushbu «Seeds for the future-2024» ta’lim dasturini Xitoyning nufuzli «Huawei« kompaniyasi va raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirmoqdamiz. Mazkur tadbir 2008 yildan beri xalqaro shaklda o‘tkazib kelinadi. O‘tgan yili ushbu tanlovning final bosqichi Dubay shahrida va Xitoyda bo‘lib o‘tdi. O‘rta Osiyo xalqlarining yarim final bosqichi esa Dohada o‘tkazilgan edi. Unda o‘zbekistonlik talabalar ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni olgani uchun mazkur tadbirni 2024 yilda O‘zbekistonda o‘tkazishni rejalashtirgan edik. Hozirda Toshkentga 14 ta davlatdan talabalar tashrif buyurgan. Ularning asosiy maqsadi O‘zbekiston bilan yaqindan tanishish, madaniy merosimizni o‘rganish, talabalarimiz bilan hamkorlikni o‘rnatishdan iborat.

O‘tgan yilgi «Seeds for the future-2024» tadbirida o‘zbekistonlik talabalar ikkinchi o‘rinni egallab, o‘zlarining startap loyihalari uchun «Huawei« kompaniyasi tomonidan 10 ming AQSH dollari miqdorida pul mablag‘larini olgan. Bu loyihaning yana bir e’tiborli jihati shundaki, talabalarimiz yaratgan ilova xalq so‘rovnomasida birinchi o‘rinni olgan.


IT ta’limda hech qanday chegara yo‘q. IT ta’lim bilan shug‘ullanayotgan talaba dunyoning u burchagidagi talaba bilan hamkorlikda o‘zining shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bu nafaqat ta’limda, kelajakda ularning karerasiga, yangi ishlarni boshlashida bir-birlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishlarida katta yordam beradi, – deydi IT ta’lim uyushmasi rahbari Nodirbek Barnayev.
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova tayyorladi.