SSV: onalar o‘limi 34 foizga, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 26 foizga kamaygan
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi A.Xudayarovning mamlakatimizda bolalar va o‘smirlar orasidagi kasalliklar profilaktikasi hamda ularni davolash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati, shuningdek sog‘liqni saqlash sohasidagi istiqbol rejalar to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inida onalar va bolalar o‘rtasida kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va sog‘lomlashtirish dasturlarining amaliyotga joriy etilgani, shuningdek, onalar va bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam takomillashtirilishi natijasida onalar o‘limi darajasi 34 foizga, besh yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi darajasi 26 foizga kamaygan.

Respublika miqyosida, hududlarda va tuman (shahar)larda “365 kun /24 soat” tamoyiliga asosan onalar va bolalarga ko‘rsatiladigan yordamni nazoratga olish, tahlil qilish, kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Bolalarga ambulator tibbiy xizmat 2 ming 300 dan ziyod oilaviy poliklinika, 209 ta tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi, statsionar yordam esa 13,3 mingta o‘ringa ega 245 ta viloyat va tuman darajasidagi hamda 9 ta respublika muassasasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida bolalar anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlari va poliklinikalarda bolalar bo‘limlari tashkil etilgan.
Shuningdek, barcha “tibbiyot brigadalari” tarkibiga qo‘shimcha 20 ming bolalar hamshirasi hamda patronaj-doya lavozimi joriy etilgan. Tuman, (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida “bolalar bo‘limlari”, “qizlar salomatligi” bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
A.Xudayarovning qayd etishicha, kardiojarrohlik sohasi bo‘yicha respublikada har yili tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan yuqori texnologik operatsiyalarga muhtoj bolalarga respublikaning 8 ta tibbiyot muassasasida kardioxirurgik amaliyotlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, 2023 yilda 4 ming 458 nafar bolada (2022 yilda 3 ming 676 nafar) jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Ulardan 987 nafari kam invaziv, ya’ni kesmalarsiz amalga oshirilgan. Bolalar o‘rtasida onkogematologik kasalliklarni erta aniqlash maqsadida joriy yilning besh oyida 219,7 nafar bola ommaviy, 392,6 nafari selektiv skriningdan o‘tkazilib, 239 nafarida kasallik aniqlangan va sog‘lomlashtirish uchun nazoratga olingan.
Joriy yilning 6 oyida 1 ming 962 ta kardioxirurgik, 460 endoskopik, 583 ta neyroxirurgik yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, 2 ming 985 nafar bolada nogironlikning oldi olingan. Bundan tashqari, 200,2 ming nafar yangi tug‘ilgan chaqaloqlar audioskriningdan o‘tkazilib, 267 nafar bolaga koxlear implantat o‘rnatilgan va eshitish qobiliyati tiklangan.
Majlisda deputatlar sohada amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etib, o‘zlarini qiziqtirgan qator savollarni o‘rtaga tashladi. Tibbiyot muassasalarida masofaviy xizmatlarni ko‘paytirish, poliklinika va shifoxonalarni elektron ish yuritishga o‘tkazish bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA