2030 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan elektr ulushi 40 foizga yetkaziladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan Energetika vazirligining «Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo‘yicha sohada tizimli ishlarni tashkil etish hamda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning bajarilishi borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi axboroti eshitildi.
Vazirlik mutasaddilarining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida issiqlik elektr stansiyalari va markazlarida 34,6 mlrd., gidroelektr stansiyalarda 4,1 mlrd., blok stansiyalarda 760,6 mln., shamol elektr stansiyalarida 1,6 mlrd. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bunda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi 9,6 foizdan 13,9 foizgacha oshdi. 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasining iste’moldagi ulushi 40 foizga yetkaziladi.

Ta’kidlanganidek, hozirgi kunda platforma orqali olingan ma’lumotlarga binoan, respublikada umumiy quvvati 519 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatilgan. Ushbu stansiyalar yillik qo‘shimcha 730 mln. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Shuningdek, respublikada umumiy sig‘imi 1 mln. 126 ming litr bo‘lgan quyosh issiqlik kollektorlari o‘rnatilgan. Ushbu kollektorlar suv isitishda yiliga foydalaniladigan 11,5 mln. kVt.soat elektr energiyasi yoki bo‘lmasa 3,1 mln. kub metr tabiiy gazni tejash imkoniyatini yaratdi.

Shuningdek, vazirlik tomonidan joriy yil kuz-qish davriga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar haqida ham ma’lumot berildi. Jumladan, 476 km. magistral, 18750 km. taqsimlovchi elektr tarmoqlari, 5 ta magistral podstansiyadagi transformator hamda 6 ming 464 ta transformator punkti mukammal ta’mirlangan.
Deputatlar muhokamalar davomida energiya tejamkor va samarali zamonaviy texnologiyalarni bosqichma-bosqich joriy etish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, sohada olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA