“Ijtimoiy karta” AT tizimi orqali yangi qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari taqdim etiladi
Ijtimoiy himoya milliy agentligining ma’lum qilishicha, 2024 yil 1-dekabrdan yangidan tayinlanadigan ijtimoiy to‘lovlar, xizmatlar va imtiyozlar “Ijtimoiy karta” AT tizimi orqali taqdim etiladi.
Ma’lumki, joriy yilning 20 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan ijtimoiy himoya sohasidagi videoselektor yig‘ilishida ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Unga ko‘ra, endilikda xonadonlarga “mahalla yettiligi”ning qaysi vakili kirishiga qaramay, oiladagi muammo va imkoniyatlar aniqlanadi va “ijtimoiy portret” chiziladi. Yordamdan so‘ng xonadonda qanday o‘zgarishlar bo‘lgani monitoring qilinadi. Nafaqa oluvchilar ro‘yxatiga birinchi navbatda nogironligi bor, ota-onasi yo‘q, boquvchisini yo‘qotgan, kasallik yoki boshqa sabablarga ko‘ra uzoq muddat ishlay olmaydiganlarning oilalari kiritiladi. Boshqa fuqarolarni “ijtimoiy reyestr”ga kiritishda ularning daromadi bilan birga xarajatlari ham baholanadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligining ma’lum qilishicha, 2024 yil 1-dekabrdan yangidan tayinlanadigan ijtimoiy to‘lovlar, xizmatlar va imtiyozlar “Ijtimoiy karta” AT tizimi orqali taqdim etiladi. Shuningdek, 2025 yil 1-apreldan bosqichma-bosqich shaxsning nogironligini, talaba, o‘quvchi, urush qatnashchisi yoki urush qatnashchisiga tenglashtirilgan shaxs holatini tasdiqlash kabi ishlar ham “Ijtimoiy karta” AT tizimi orqali amalga oshiriladi.
Bunda nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va guvohnomalar, talabalik guvohnomalari, o‘quvchilar guvohnomalari, urush qatnashchilari yoki ularga tenglashtirilgan shaxslar guvohnomalarining qog‘oz shakli ijtimoiy kartaga almashtirish orqali bekor qilinadi.
Nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun umumiy foydalanishdagi avtomobil, temir yo‘l, havo va daryo transporti, yo‘nalishsiz taksi xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha imtiyozlar, shuningdek ushbu xizmatlardan imtiyozli foydalanish huquqiga ega bo‘lgan aholining boshqa toifalari uchun imtiyozlar hamda davlat ijtimoiy ob’ektlariga, konsert va boshqa tadbirlarga bepul tashrif buyurish yoki qisman haq to‘lash bo‘yicha imtiyozlar “Ijtimoiy karta” AT tizimi orqali amalga oshiriladi.
2025 yil 1-oktyabrdan pensiya oluvchilarga o‘z xohishiga ko‘ra yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganligi bo‘yicha pensiyalarni ijtimoiy karta orqali olish huquqi beriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA