Qo‘qonda renovatsiya asosida ko‘p qavatli turar-joy binolari qurish ishlari boshlandi
So‘nggi uch yilda Qo‘qonda bor-yo‘g‘i 630 ta xonadonli 17 ta ko‘p qavatli uylar qurilgani shahar ehtiyoji uchun yetarli bo‘lmayapti. Davlatimiz rahbari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida buni alohida qayd etib, “Yangi O‘zbekiston massivi” loyihasini mahallagacha tushirilishi belgilandi.
Shahar va tuman markazlarida 5 tadan eski mahallalar tanlab olinadi, ularda 7-10 qavatli uylar qurish uchun xususiy sektor jalb qilinadi, uylar birinchi galda ushbu mahalla aholisiga beriladi.


Shuningdek, mutasaddilarga Qo‘qondagi birinchi “Mahalla massivi” qurilishini boshlash uchun joy tanlash va loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Prezidentimizning mazkur topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida amaliy ishlar boshlandi.
Qo‘qon shahar G‘ishtli masjid mahallasining Movarounnahr ko‘chasidagi 3 ta 2 qavatli ma’nan eskirgan turar joy binosi o‘rniga Renovatsiya dasturi asosida yangi 3 ta 9 qavatli jami 134 xonadondan iborat turar-joy binosi qurilishiga kirishildi.


O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov mahalladagi xonadon egalari bilan uchrashuvda bu kabi ishlardan maqsad odamlarga munosib turmush sharoitlari yaratish ekanligini qayd etdi. Ko‘p qavatli uylar bitgunga qadar ushbu uylarda yashovchi fuqarolarning yashab turishi uchun uy-joy berilishi, keyinchalik xonadon egalariga maydoni eski uylaridan kam bo‘lmaslik sharti bilan yangi binodan bepul xonadon taqdim qilinishi, ushbu turar-joylarga kirib ortiqcha sarf qilmasdan yashashlari mumkinligi ma’lum qilindi. Quruvchilarga ham qurilish ishlari sifatli bo‘lishi, jarayonlar doimiy nazorat qilib turilishi tushuntirildi. 0,43 gektar maydonda barpo etilayotgan ko‘p qavatli turar-joy binolariga qo‘shimcha ravishda avtoturargoh, bolalar maydonchalari, yo‘laklar va yashil maydon tashkil etish ham belgilangan.



Xonadon egalari davlatimiz rahbarining viloyat rivoji, o‘zlariga berilayotgan alohida e’tiborlari uchun o‘z minnatdorchiliklarini izhor qildi. Nuroniylar boshlanayotgan qurilish ishlarini xayrli bo‘lishini tilab, duo qilishdi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri