Rimda kurashchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun bellashadi
Bugun, 24 iyul kuni Italiya poytaxti Rim shahrida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir bo‘lib o‘tadi.
Dunyoning bir qator davlatlaridan nomdor polvonlar qatnashishi kutilayotgan turnir oldidan kecha o‘tkazilgan matbuot anjumanida milliy sportimizning xalqaro rivojini, xususan Yevropa qit’asida ommalashtirish masalalari borasida fikr yuritildi.

Rim shahardagi «Nicola Piyetrangeli» stadionida tashkil etilayotgan xalqaro turnirda erkaklar +100 va ayollar +87 kilogramm vazn toifalarida turnirning 15 ming yevro miqdoridagi mukofot jamg‘armasi uchun kurash olib borishadi.
Mazkur nufuzli musobaqada taniqli kurashchilarimiz Muhsin Hisomiddinov va Muhammadkarim Xurramov erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarda, Pokiza Kamoliddinova ayollar orasidagi bahslarda vatanimiz sharafini himoya qilishadi.

Turnir doirasida Rimda xalqimizning boy madaniy merosi, milliy san’atimizning betakror durdonalari muxlislarga namoyish etiladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA