To‘rt tennischimiz chorak finalga chiqdi
Qirg‘izistonda yoshlar o‘rtasida tennis bo‘yicha J60 tasnifiga kiruvchi «ISSYK-KUL SUMMER – 2024» xalqaro turnirida 4 nafar tennischimiz chorak finalda ishtirok etadi.
Yakkalik bahslarining ikkinchi davrasida Abdulaziz Usmonjonov qozog‘istonlik Rodion Lukashovni 6:2, 6:1 hisobida yengdi va 1/4 final bosqichida neytral tennischi Mixail Sapojnikov bilan raqobatlashadigan bo‘ldi.
Danila Kvasov esa 7:5, 6:2 hisobida neytral tennischi Mixail Volkovichdan ustun keldi. Endi u yarim final yo‘llanmasi uchun qozog‘istonlik Nikita Nikolenkoga qarshi kortga chiqadi.
Suhrob Saidov esa neytral tennischi Arkip Kozlovni 6:2, 6:4 hisoblarida dog‘da qoldirgan holda chorak final bosqichida ukrainalik Grigoriy Kartavenkoga qarshi o‘yin o‘tkazadi.
Ahmadjon Toshmuhamedov 1/8 final bosqichida mezbonlar vakili David Mogilevskiy bilan o‘tgan o‘yinda 6:4, 6:2 hisobida zafar quchdi. Ahmadjon endi qozog‘istonlik Erasil Bahtiyar bilan kuch sinashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA