Davlat aktivlarini elektron ommaviy savdolarga chiqarish tartibi joriy qilinmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rilgan navbatdagi masala «Davlat mulkini boshqarish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bo‘ldi.
Ikkinchi o‘qishda muhokama qilingan mazkur qonun loyihasi bilan davlat aktivlarini sotishda xorijiy tajribani hisobga olgan holda hamda mamlakatimizda bozor tamoyillariga asoslangan sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida davlat aktivlarini «nol» xarid qiymatida sotish amaliyotidan voz kechilib, elektron ommaviy savdolarga chiqarish tartibi joriy qilinmoqda.

Shuningdek, xususiylashtirilmaydigan davlat mulkini hamda davlat ishtirokidagi korxona va davlat muassasasini o‘zgartirishi ko‘rsatilgan hollarda davlat mulkini garovga berishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda. Davlat unitar korxonasi va davlat muassasasini xo‘jalik jamiyatiga o‘zgartirilayotganda baholashni o‘tkazmaslik nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasidagi tartiblar davlat aktivlarini zamonaviy uslublar asosida sotish orqali xususiylashtirishni jadallashtiradi, xususiylashtirish jarayonlarining ochiq va oshkoraligi ta’minlanadi.
M.Komilova, O‘zA