Iqtisodiyot va moliya vazirligi faoliyatiga ISO 9001:2015 xalqaro standarti joriy etildi
Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturining 18-bandiga asosan vazirlik va idoralar faoliyatiga sifat menejmenti tizimining xalqaro standartini (ISO 9001:2015) joriy qilish belgilangan.
Yaqinda bu borada amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida ISO 9001:2015 xalqaro standarti bo‘yicha maxsus sertifikat Iqtisodiyot va moliya vazirligiga topshirildi.
ISO – Xalqaro standartlashtirish tashkilotining jahon miqyosida ish faoliyati samaradorligini va sifatini oshirishga qaratilgan eng nufuzli standartlar majmuasidir.
Bugungi kunda 170 dan ziyod mamlakatda milliondan ortiq kompaniya va tashkilotlar ISO 9001:2015 xalqaro standartiga ega.
Xorijiy tajribani o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, ISO 9001:2015 xalqaro standarti davlat organlari tomonidan eng ko‘p qo‘llaniladigan standartlar qatoriga kiradi va buni ko‘pgina rivojlangan mamlakatlar misolida ko‘rish mumkin.
ISO 9001:2015 xalqaro standartni joriy etishdan asosiy maqsad kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish, faoliyatni yanada yaxshilash, doimiy ravishda xodimlarning malakasini oshirish hamda bajarilayotgan vazifa va funksiyalar sifatini muntazam yaxshilab borishdan iboratdir.
Shu bilan birga, sertifikatni qo‘lga kiritgan davlat organi yoki boshqa tashkilotlarda har yili boshqaruv tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani yuzasidan ichki va tashqi audit tekshiruvlari o‘tkazib turish talabining mavjudligi tashkilot boshqaruv tizimining borgan sari optimallashayotganidan dalolat beradi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA