O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi qoshidagi Standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita “Turizm xizmatlari. Modulli mehmonxonalar. Tasniflash tizimi” milliy standartini ishlab chiqdi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur standart ilk bor joriy etilib, 2024 yilning 19 avgustidan boshlab kuchga kiradi. U modulli mehmonxonalarning tasniflash tizimini belgilaydi. Unda foydalaniladigan binolar va tutash hududlar, texnik asbob-uskunalar, binolarning sanitariya-gigiyena jihatdan ta’minlanganligi, xonalarning texnik jihozlanganligi, mebel va inventar, umumiy foydalanish uchun sanitariya ob’ektlari, jamoat joylari, ko‘rsatilayotgan xizmatlar va xodimlarning tayyorgarlik sifati hisobga olinadigan toifalar keltirilgan.
Ushbu barcha omillar modulli mehmonxonaga qaysi toifa berilishiga ta’sir ko‘rsatadi. Hammasi bo‘lib 3 ta toifa mavjud. Shunga muvofiq, I (birinchi) - oliy toifa, III (uch) esa – quyi toifa hisoblanadi.
Yangi standart mehmonxonalarni yanada yuqori toifaga ega bo‘lishi uchun xizmatlar sifatini oshirishga rag‘batlantirishi kutilmoqda.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA