Rossiya Federatsiyasining Yakutsk shahrida davom etayotgan «Osiyo bolalari» o‘yinlarining ortda qolgan oltinchi kungi musobaqalari o‘zbekistonlik sportchilarning jasoratli g‘alabasi bilan yakunlandi.
Alohida sport turlaridagi yutuqlardan tashqari yurtimiz sportchilari «Osiyo bolalari» o‘yinlarining suzish bo‘yicha do‘stlik estafetasida ham zafar quchdi.
Mazkur g‘ayrioddiy suzish bahslarida turli mamlakatlarning sportchilari jamoalarga ajratildi. Qizlar va o‘g‘il bolalar 4x50 o‘lchamdagi erkin uslubda bahslashdi. Har bir jamoada to‘rt nafardan sportchi ishtirok etdi.
Natijada Belarus, Tailand va Ozarbayjon suzuvchilaridan iborat jamoa o‘g‘il bolalar o‘rtasida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Moskva, Tailand, Qozog‘iston va O‘zbekiston sportchilaridan iborat «Almyzy» jamoasiga nasib etdi. Uchinchi o‘rinni Ural, Uzoq Sharq, Sibir federal okrugi va Qozog‘iston vakillaridan iborat «Mamont» jamoasi egalladi.
Qizlar o‘rtasidagi bahslarda O‘zbekiston sportchilari bilan birga Belarus, Tailand vakillaridan iborat «Toshbaqalar» jamoasi 2-o‘rinni egalladi.
E’tiborli jihati, ushbu sport dasturida sovrindor bo‘lganlarning medallari har bir jamoaning umumiy medallar sonida hisobga olindi.
«Kichik olimpiada» maqomidagi musobaqalarning yettinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasining 19 ta oltin, 17 ta kumush va 14 ta bronza, jami 50 ta medal bilan yetakchilikka erishib olgani yangi g‘alabalarning yolqini sifatida yodda qoldi.
«Osiyo bolalari» o‘yinlari 7 iyulga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA