Chirchiq shahrida o‘smirlar (U17) o‘rtasida besh kun mobaynida o‘tgan Markaziy Osiyo chempionatida 22 ta oltin, 16 ta kumush va 7 ta bronza, jami 45 ta medal jamg‘argan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Mintaqaning eng kuchli 100 nafardan ortiq og‘ir atletikachilari ishtirok etgan bu galgi musobaqa qizg‘in va murosasiz kurashlarga boy kechdi.

Chempionat sarhisobiga ko‘ra, 9 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza, jami 16 ta medalga ega chiqqan Turkiya terma jamoasi hamyurtlarimizdan keyingi ikkinchi o‘rinni egalladi. 8 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan Qozog‘iston terma jamoasi esa umumjamoa hisobida kuchli uchlikka yakun yasadi.

Shuningdek, shiddatli bellashuvlarda qirg‘izistonlik sportchilar 34 ta, Turkmaniston vakillari 13 ta va Tojikiston terma jamoasi a’zolari 7 ta medalga sazovor bo‘ldi.
Ta’kidlash kerakki, Markaziy Osiyo chempionatining bu galgi mukofot jamg‘armasi 16 ming AQSH dollarini tashkil etdi va sovrindorlar mos ravishda 500 (oltin medal), 300 (kumush medal) va 200 (bronza medal) AQSH dollari miqdoridagi mukofotlar bilan taqdirlandi.

O‘g‘il bolalar orasida o‘zbekistonlik Nodir Jo‘rayev, qiz bolalar orasida qozog‘istonlik Kseniya Pozorova chempionatning eng yaxshi sportchilari deb topildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA