O‘zbekiston terma jamoasi matematika bo‘yicha xalqaro oromgohda qatnashmoqda
O‘zbekiston terma jamoasi joriy yilning 15 iyun-3 iyul kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Ikkinchi Xalqaro matematika yozgi oromgohi – 2024”da ishtirok etmoqda.
Mazkur xalqaro oromgoh dunyoning 31 mamlakatidan 340 ga yaqin terma jamoa a’zolari va trenerlarini jamlagani bilan ahamiyatlidir.
Ikkinchi marta Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan tashkil qilingan ushbu intellektual oromgoh nufuzli xalqaro matematika olimpiadasi (IMO) oldidan ishtirokchi mamlakat vakillari uchun g‘oyat samarali va foydali tadbir deb hisoblanmoqda.
Armaniston, Ozarbayjon, Botsvana, Bosniya va Gersegovina, Braziliya, Kamerun, Kanada, Kosta-Rika, Estoniya, Gana, Vengriya, Eron, Italiya, Qirg‘iziston, Litva, Mavritaniya, Meksika, Moldova, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Peru, Polsha, Ruminiya, Ruanda, Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika Respublikasi, Serbiya, Tailand, Uganda, O‘zbekiston, Xitoy kabi davlatlarning terma jamoalari va ishtirokchilari qatnashayotgan intellektual oromgohda xalqaro olimpiadalarda yuqori natijalar qayd etgan, dunyo tan olgan matematiklar iqtidorli yoshlar bilan kombinatorika, algebra, sonlar nazariyasi va geometriya kabi yo‘nalishlarda o‘quv mashg‘ulotlari olib bormoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil 11-22 iyul kunlari Angliyaning Bat shahrida 65-Xalqaro matematika olimpiadasi tashkil qilinadi. Terma jamoamiz a’zolaridan mazkur nufuzli olimpiadada yuqori natijalarni kutib qolamiz va ularga omad tilaymiz.
N.Usmonova, O‘zA