Surxondaryolik pillakorlar zafar quchdi
Surxondaryo viloyati pillakorlari 35 ming 547 quti ipak qurtidan 2 ming 286 tonnadan ortiq xomashyo yig‘ib olib, shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajardi.
Mamlakatimizda pillachilikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor sohani rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Prezidentimizning shu yil 3 maydagi “Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ham pilla yetishtirish va ipakchilik sohasini yanada yaxshilash, xomashyo bazasini kengaytirish, pilla yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlab, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish orqali yangi ish o‘rinlari tashkil etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ipakchilikning ozuqa bazasi ham mustahkamlanib borayotir. Jumladan, ipak qurti boqishda boy tajribaga ega viloyatning tutchilik xo‘jaliklari 3 million 800 ming, pillachilik klasterlari 2 million 900 ming va aholi tomorqasida 6 million tup tut parvarishlanmoqda.


Joriy yilda 3 ming 880 ta fermer xo‘jaligining 23 ming 550 pillakori va 8 ming 650 kasanachi bilan ipak qurti boqish uchun shartnoma tuzilgan edi. Ularning betinim mehnati o‘z samaralarini berdi. Voha iqlimiga mos yangi navlarni xorij tajribasi asosida parvarishlagan pillakorlar har quti ipak qurtidan o‘rtacha 60 kilogrammdan hosil oldi.
Viloyatda qabul punktlariga pilla hosilini topshirish davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri