Yoshlar yetakchilari tashabbusi bilan 100 nafar bolaning sunnat to‘yi o‘tkazildi
Ayni paytda yurtimizda davom etayotgan Yoshlar oyligi munosabati bilan Farg‘ona viloyatida turli tadbirlar, loyihalar o‘tkazilmoqda. Uchko‘prik tumanida 100 nafar bolaning sunnat to‘yi qilib berildi.
Tuman hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda mahallalardagi yoshlar yetakchilari tashabbusi bilan o‘tkazilgan sunnat to‘yida sektor rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari ishtirok etdi. Shuningdek, to‘yda bolalarning yaqin qarindoshlari hamda do‘stlari mehmon bo‘ldi.

Bosh vazir kotibiyati “Mahalla yettiligi”, yoshlar siyosati va ma’naviyat masalalari departamentining rahbari Fayzullajon Qosimov, Uchko‘prik tumani hokimi Qodirjon Erkaboyev barchani bayram bilan qutlab, tadbir tashkilotchilari va homiylarga minnatdorlik bildirdi. To‘y bolalarni aqlli va zukko, yurt koriga yaraydigan, el xizmatiga kamarbasta azamat o‘g‘lonlar bo‘lishini tiladi.

Shu kuni Yoshlar ishlari agentligi xodimlari hamda yoshlar yetakchilari marosim davomida to‘y bolalar va ularning yaqinlari xizmatida bo‘lishdi.

To‘y bolalarga sarpolar kiydirilib, homiylarning velosiped va boshqa esdalik sovg‘alari topshirildi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri