Joriy yil 24 mayda davlatimiz rahbarining «Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan adliya organlarini xalqqa yanada yaqinlashtirish choralari ko‘rilmoqda. Bu qanday choralar? Ushbu savolga Adliya vaziri o‘rinbosari Sherzod Rabiyev javob berdi:
– Aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar farmonda belgilab berildi.
Zero, Yangi O‘zbekistonda Prezidentimiz boshchiligida barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangilanishlar zamirida davlat organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish orqali fuqarolarning huquq va manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadlari mujassam.
Buning uchun barcha davlat organlari ko‘proq odamlar orasida, mahallalarda bo‘lib, ularning dardu tashvishlarini tinglab, muammolarini birgalikda hal etishga intilishi juda muhim.
Mazkur omil ayniqsa, adliya idoralari faoliyatida eng ustuvor yo‘nalishga aylanishi yanada ahamiyatli. Chunki tug‘ilishdan tortib, hayotning barcha muhim jabhalarida odamlar adliya organlariga murojaat qiladi, ularning harakatiga qarab davlat siyosatiga qarab baho beradi.
Davlatimiz rahbarining adliya organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan farmoni tom ma’noda adliya organlarini xalqchil tuzilmaga aylantiradi.
Mazkur hujjat qabul qilinishidan avval unda nazarda tutilgan deyarli har bir norma eksperimentdan o‘tkazildi. Xususan, «Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi» huquqiy aksiyasi o‘tkazilib, 116 mingdan ortiq fuqaroga turli hujjatlar rasmiylashtirib berildi. Mingdan ortiq mahallada huquqiy muammolar o‘rganildi, sayyor qabullar tashkil qilindi.
O‘rganishlar, tahlillar natijasida farmon bilan adliya organlari faoliyatida juda katta o‘zgarishlar, shuningdek, aholiga qo‘shimcha yengillik va qulayliklarni joriy etish nazarda tutildi.
Shu asosda aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish borasida muammolarni hal qilishda «fuqaro – mahalla – adliya» tizimi joriy etilmoqda.
Bunda, aholining kundalik hayotidagi huquqiy muammolar «mahalla yettiligi» orqali onlayn mahalla platformasidan foydalangan holda adliya organlariga yetkaziladi. Adliya organlari xodimlari mazkur muammolar yechimlari bo‘yicha huquqiy tadbirlar, qonunchilikka takliflar ishlab chiqadi. Shu orqali «mahalla yettiligi»ga fuqarolarning kundalik hayotidagi huquqiy masalalarga oid muammolarini hal etib borishga ko‘maklashiladi.
Jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashning muhim shartlaridan biri – bu huquqiy madaniyatning yuqoriligi hisoblanadi. Shu bois, farmon bilan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlari va islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda.
Xususan, Adliya vazirligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarining faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqib, huquqiy targ‘ibot materiallari tayyorlanadi hamda mazkur materiallar gorizontal va vertikal tartibda davlat organlarining eng quyi bo‘g‘inigacha Yagona huquqiy axborot almashish tizimi orqali yuboriladi.
Davlat organlari va tashkilotlari huquqni qo‘llash amaliyotidagi mavjud muammolar, qonunchilikdagi bo‘shliq va ziddiyatlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarini Yagona huquqiy axborot almashish tizimi orqali Adliya vazirligiga kiritadi. Vazirlik tomonidan muammo va takliflar o‘rganilib ularni bartaraf qilish choralari ko‘riladi.
Bu borada asosiy maqsad – huquqni turlicha qo‘llashni bartaraf etish, namunaviy ish yuritish tizimiga erishish hisoblanadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ylnWoXVzF3Q" title="Sherzod Rabiyev: “Fuqaro – mahalla – adliya” tizimi joriy etilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Abduraimova, N.Abduvoitov (video), O‘zA