Parlament quyi palatasining majlisida “Ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori o‘rinbosari Sirojiddin Abdullayev hujjat loyihasi haqida batafsil ma’lumot berdi:
— Mazkur qonun loyihasi bilan Soliq kodeksi hamda 7 ta qonunga o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan qariyalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblashda davolash muassasasining xulosasini chiqarib tashlash belgilanmoqda. O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilganlarga shahar yo‘lovchilar transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqini berish ko‘zda tutilyapti.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda. O‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga qilingan homiylik mablag‘larini soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanmaydigan xarajatlar jumlasiga qo‘shish nazarda tutilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar va oilalar manfaatlarini ko‘zlab fuqarolik va ma’muriy sudlarga arizalar, shikoyatlar va da’volar kiritilganda, davlat bojini to‘lashdan ozod qilish belgilanmoqda, — dedi ma’ruzachi.
Majlisda qonun loyihasi aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlanib, qo‘llab-quvvatlandi.
M.Komilova,
O‘zA