So‘nggi qo‘ng‘iroq
Bugun mamlakatimizdagi umumta’lim maktablarida 2023/2024 o‘quv yili yakunlanib, so‘nggi qo‘ng‘iroq jarangladi.
Samarqand viloyatidagi maktablarda ham bugun hokimlik va sektor rahbarlari, mahallalar faollari, ota-onalar ishtirokida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari o‘tkazildi.
Samarqand shahridagi 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, Prezidentimizning yoshlarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Bitiruvchilarga mustaqil hayotga oq yo‘l tiladi.
[gallery-17543]
Bu yil viloyatdagi umumta’lim maktablarining 11-sinfini 48779 nafar o‘quvchi bitirmoqda.
Ularning 2194 nafari maktabni oltin medal bilan bitiryapti. Shuningdek, 2300 nafar bitiruvchi muddatdan oldin chet davlatlarning nufuzli oliygohlarida o‘qish huquqini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 1512 nafari ILTIS, 1830 nafari SEFR va 362 nafari milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi.
Oqdaryo tumanidagi 25-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan "So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbirida viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Elyor Tolliyev ishtirok etib, bitiruvchilarni tabrikladi.
– Maktabimizda 623 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda, – deydi maktab direktori Aziza Nurmurodova.– Yakuniga yetayotgan o‘quv yilida 27 nafar 11-sinf bitiruvchisi katta hayotga uchirma bo‘lmoqda. Bu yilgi bitiruvchilarimizning ikki nafari oltin medal olyapti. Xorijiy til bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilarimiz 6 nafarni tashkil etmoqda. Eng muhimi, bitiruvchilarimizning bir nafari – Temurbek Nuraliyev muddatidan oldin nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlaridan birining talabasi bo‘ldi. O‘tgan o‘quv yilida bitiruvchilarimizning oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichi 47,8 foizni tashkil qilgandi. Ishonamizki, bu yilgi ko‘rsatkichimiz 70 foizdan oshadi.
Tadbir yakunida o‘qish va jamoat ishlarida faol qatnashgan o‘quvchilar, ularning ota-onalariga maktab ma’muriyatining faxriy yorliq, tashakkurnomalari topshirildi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari