Yangiyer shahridagi 7-umumta’lim maktabi viloyatda yagona bo‘lgan “innovatsion maktab” maqomini oldi.
Maktab kutubxonasida qariyb qirq yildan buyon faoliyat olib borayotgan Salima Azizova so‘nggi ijobiy o‘zgarishlardan minnatdor. Axir, uning sevimli kutubxonasidagi kitoblar soni 1200 tadan 3064 taga yetdi. Qolaversa, kutubxona har kuni kitobxonlar bilan gavjum.
Mamlakat iqtisodiyotining tayanchi bu sanoat hisoblanadi. Ulkan miqyosdagi zavod-fabrikalarning zamon bilan hamnafas va barqaror ishlashida esa, avvalo, aynan maktab davrlarida kimyo fanidan olingan bilimlardan boshlanishi ham hech kimga sir emas. Shularning barchasini inobatga olib, mazkur innovatsion maktab Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali bilan ham o‘zaro hamkorlik o‘rnatgan.
Shuningdek, ishlab chiqarishda inson mehnatini va ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish uchun robototexnika yo‘nalishida olib borilgan izlanishlar asosiy rolni o‘ynaydi. Maktabda kelajak kasbi egalari uchun alohida xona ajratilgan, zarur texnikalar bilan ta’minlangan va darslarga malakali ustozlar jalb etilgan. Bundan tashqari, maktab o‘quvchilari uchun duradgorlik, qizlarga pazandachilik va tikuvchilik kasblarini o‘rgatuvchi to‘garaklar ham tashkil etildi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri