Mamlakatimizda barcha sohalar kabi oliy ta’lim tizimida ham xalqaro hamkorlik aloqalari yildan yilga mustahkamlanmoqda. Bundan ikki yil muqaddam Jizzax viloyatida ish boshlagan Qozon federal universiteti Jizzax filiali ham ana shu do‘stona aloqalarning amaldagi ifodasidir.
Universitet filialida ayni paytda geologiya (neft va gaz konlari geologiyasi), dasturiy injiniring, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish, iqtisodiyot, davolash ishi, stomatologiya, farmatsiya, tibbiy biokimyo, jurnalistika, tilshunoslik kabi 11 ta bakalavriat ta’lim hamda ixtisoslik yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.
Filial 1 ming 88 o‘rinli o‘quv hamda 384 o‘rinli yotoqxona binosidan tashkil topgan. Rossiyadagi ushbu OTMning Jizzax filial Qozon federal universitetining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi. Filialda ta’lim faoliyati 2022-2023 o‘quv yilidan boshlangan. 2023-2024 o‘quv yiliga kelib oliygohda 650 nafardan ortiq yoshlar ta’lim olmoqda.
– Ushbu oliygohning ochilish marosimida Tatariston prezidenti Rustam Minnixonov boshchiligida Rossiya Federatsiyasidan kelgan delegatsiya a’zolari ishtirok etgan edi, – deydi QFU Jizzax filiali ijrochi direktori, texnika fanlari doktori, professor Ozod Bobomurodov. – O‘tgan 2023 yilning fevral oyida davlatimiz rahbari Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida filialga tashrif buyurdi. Bu yerda talaba-yoshlarning tahsil olishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. O‘z tavsiya va maslahatlarini berdi. Bu biz uchun unutilmas voqea va o‘ziga xos faxrdir.
Qabul parametrlari manfaatdor vazirlik va idoralarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib tasdiqlangan. Talabalarni o‘qishga qabul qilish davlat granti hamda to‘lov-kontrakt shartnomasi asosida amalga oshirilmoqda. Bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida oliy ma’lumot sifatida tan olinadigan universitetning belgilangan namunadagi diplomlari beriladi. Ushbu oliy ta’lim muassasasini tamomlagan talabalar ikki davlat hududidagi tashkilot, korxona, muassasalarda to‘laqonli mutaxassis sifatida faoliyat yuritish huquqiga ega bo‘ladi. Shu o‘rinda, 2023 yil yakunida filial tarkibida “OpyenLab” ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etilganini ta’kidlash joiz.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Jizzax viloyati hokimligi ko‘magida QFU Jizzax filialida barpo etilgan simulyatsiya markazida tibbiyot fakulteti talabalari, tibbiyot xodimlari, shifokorlar ham malakalarini oshirayotgani tahsinga loyiq. Ushbu markazning loyiha qiymati salkam 13,5 milliard so‘mni tashkil etadi.
– Ushbu markazda talabalar asosiy muolajalar (in’eksiya, oshqozonni yuvish), ultratovush tekshiruvi, turli xil amaliy ko‘nikmalar, terapiya, turli darajadagi murakkablikdagi jarrohlik texnikasini amaliy jihatdan, hech qanday jonli mavjudotga zarar yetkazmagan holda o‘zlashtirib oladi, – deydi QFU Jizzax filiali ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha ijrochi direktori o‘rinbosari Temur Ibaydullayev. – Simulyatsiya zali esa virtual simulyatorlarga ega alohida majmualardan iborat bo‘lib, uning yordamida talabalar keng ko‘lamli tibbiy muolajalarni tez va oson o‘rganib olmoqda.
[gallery-17531]
Jizzax shahridagi Qozon Federal universiteti filiali xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy ta’lim dasturlari asosida chuqur fundamental va ilmiy-amaliy bilimga ega yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, hududiy innovatsion-ta’lim tarmog‘ini yaratish, raqamli ta’lim tizimini shakllantirish hamda ish beruvchilarning oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida tashkil etilgan.
Muxtasar qilib aytganda, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik mevasi bo‘lgan QFU Jizzax filiali tashkil topganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsada, viloyatdagi yetakchi oliygohlar qatoridan joy olgan.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA.