Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti Muhayyo Abdurahmonova urdu tilini O‘zbekistonda targ‘ib qilish hamda Pokiston va O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan xizmatlari uchun «Tamgha e Imtiaz» (urducha: تمغہ امتیاز – «Buyuk xizmatlari uchun») ordeni bilan mukofotlandi.
Boisi, Muhayyo Abdurahmonovaning ilmiy ishlari (Bobur she’rlarini o‘zbek tilidan urdu tiliga tarjimasi; Urdu leksikologiyasiga oid darslik; Mirzo G‘olib she’rlarining o‘zbek tiliga tarjimasi; Urdu she’riyati va uning texnik jihatlariga oid ko‘plab tadqiqot maqolalari) urdu tili va adabiyotiga qiziqish uyg‘otishda muhim rol o‘ynaydi. Uning urdu tilini o‘rgatish bo‘yicha kitoblari talabalar uchun juda foydalidir.
Pokiston Islom Respublikasining Toshkentdagi elchixonasida tashkil etilgan tadbirda urdu tilini targ‘ib qilish va ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashdagi xizmatlarini e’tirof etgan holda Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Muhayyo Abdurahmonovani yuksak mukofot bilan taqdirlagani qayd etilib, ushbu mukofot o‘z egasiga topshirildi. Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Faruk mukofotni topshirar ekan, O‘zbekiston – Pokiston munosabatlariga to‘xtalib o‘tdi.
– Bugun biz bu yerga mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlagan o‘qituvchining misli ko‘rilmagan yutuqlarini nishonlash uchun yig‘ildik. Uning O‘zbekistonda urdu tilini targ‘ib etishdagi fidoyiligi va tinimsiz sa’y-harakatlari chinakam tahsinga sazovordir. U nafaqat til o‘rgatibgina qolmay, balki o‘z shogirdlarida Pokiston adabiyoti, she’riyati va an’analariga chuqur hurmatni singdirdi, – dedi elchi Ahmad Faruk. – O‘zbek olimasining shaxsiy yutuqlari Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam aloqalarni o‘rnatishda ta’lim va madaniy diplomatiya muhimligini ham ko‘rsatdi.
Sharofiddin To‘laganov