84 milliard so‘mdan ziyod soliq qarzdorligi undirildi
Ish yurituvdagi soliq qarzdorligini undirish bilan bog‘liq hujjatlar ijrosini ta’minlash Majburiy ijro byurosi organlari oldida turgan ustuvor yo‘nalishlardan biridir.
Bu borada Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari tomonidan salmoqli ishlar qilinmoqda.
Bugungi kunda viloyatda soliq qarzdorligini undirishga oid 235,4 milliard so‘mlik 25 mingdan ortiq hujjat mavjud. Ko‘rilgan sa’y-harakatlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida sakkiz mingga yaqin ijro hujjatining ijrosi tamomlanib, amalda 84,3 milliard so‘m mablag‘ undirilgan. Shuningdek, soliq qarzdorliklari bo‘yicha undiruvlar bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha jami 128,3 milliard so‘mlik mol-mulklar xatlangan. Hozir 37 ta 87,4 milliard so‘mlik mol-mulklar realizatsiya qilish uchun elektron-onlayn auksion savdolariga chiqarilgan.
–Ijro hujjatiga asosan qarzdor tashkilot – Namangan shahrida faoliyat yurituvchi “Bioservis” mas’uliyati cheklangan jamiyatdan jami 1,9 milliard so‘m soliqdan bo‘lgan qarzdorlikni undirish belgilangan bo‘lib, bir necha marotaba ogohlantirilishiga qaramasdan, belgilangan ixtiyoriy muddatda to‘lanmagan, – deydi MIB Namangan viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Sohibjon Rafiqov. – Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdorlik evaziga jamiyatga qarashli 1,8 milliard so‘mlik bino-inshootlar xatlandi. Shundan so‘ng, jamiyat tomonidan qarzdorlik bartaraf etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri