Joriy yilning 2-3-may kunlari poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida III Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda ko‘plab sohalar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazilib, istiqbolli loyihalar yuzasidan o‘zaro kelishuvlarga erishildi.
Ana shunday kelishuvlardan biri O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari davlatlari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Saudiya Arabistoni tomonining iltimosiga ko‘ra, kecha bo‘lib o‘tgan imzolash marosimida O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi.
Unda Saudiya Arabistonining “ACWA Power”kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida umumiy qiymati 6,2 milliard dollar, umumiy quvvati 5 000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurilishi megaloyihasi yuzasidan “Elektr energiyasini sotib olish bitimi” imzolandi.
Mazkur stansiya ishga tushirilgach, yiliga 17,5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishiga va 5,3 milliard metr kub tabiiy gaz zaxirasi tejalishiga imkoniyat yaratiladi hamda 7,4 million tonna zararli gazlarning atmosferaga chiqarilishi oldi olinadi.
Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklarining “Amea Power” kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida umumiy qiymati 1,1 milliard dollar, umumiy quvvati 1 000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurilishi loyihasi yuzasidan “Elektr energiyasini sotib olish bitimi” imzolandi.
Ushbu stansiya ishga tushirilishi tufayli yiliga 3,5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va 1,060 milliard metr kub tabiiy gaz zaxirasi tejaladi. 1,48 milliard tonna zararli gazlarning atmosferaga chiqarilishi oldi olinadi, deyilada Energetika vazirligi axborot xizmati xabarida.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA