Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga huquqlari turli tarzda buzilayotgan fuqarolar murojaat qilmoqda.
Ombudsman nazoratiga olinayotgan murojaatlar bevosita joyiga chiqib yoki mintaqaviy vakillar tomonidan o‘rganilmoqda.
Xorazm viloyati Urganch tumanida yashovchi fuqaro X.D. qurilish korxonasi rahbari ish haqini bermagani bo‘yicha Ombudsmanga shikoyat qildi.
Murojaatda qayd etilishicha, 2019-2022-yillar davomida murojaatchi X.D. otasi va akasi bilan birgalikda mexanizator vazifasida ishlagan va ish beruvchi bilan oyiga uch million so‘mdan ish haqi berilishiga kelishilgan. Lekin ish beruvchi ularning so‘nggi 3-4 oylik ish haqini to‘lamagan. Fuqaro X.D. ushbu masalada turli idoralarga qilingan murojaatlardan natija bo‘lmaganini bildirgan.
Murojaat Ombudsmanning Xorazm viloyati mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganildi va aniqlangan holatning qonuniy yechimi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi. Natijada muammo o‘z yechimini topdi. Ishchilarga 34 million so‘m ish haqi to‘liq to‘lab berildi.
Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili hamda Ombudsman huzuridagi Jamoatchilik guruhi a’zolari tomonidan Nukus shahrida joylashgan 1-son Respublika ruhiy-asab kasalliklari dispanseriga monitoring tashrifini amalga oshirdi.
Monitoringda 360 o‘ringa mo‘ljallangan dispanserda chegara, erkaklar, ayollar, yosh o‘smirlar, bolalar, gerontologiya, psixosomatika, psixotuberkulyoz va umumiy tipdagi majburiy davolash bo‘limlari mavjudligi aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, dispanserdagi bemorlarning yotoq joylari hamda yuvinish xonalari holati sanitariya-gigiyena talablariga javob beradi. Shuningdek, davolanayotgan shaxslarga autsorsing xizmati asosida kundalik taomnomaga mos issiq ovqatlar berilayotgani, tibbiyot bo‘limidagi dori-darmonlarning yaroqlilik muddati o‘tmagani va muassasa hududida obodonlashtirish ishlari olib borilgani ma’lum bo‘ldi.
Shu bilan birga, muassasada ayrim kamchiliklar ham aniqlandi. Jumladan, bemorlarga yaqin qarindoshlari bilan qisqa muddatli uchrashuv xonalari ajratilmagan. Ayrim dori-darmon vositalari ta’minotida uzilishlar uchrayotgan ekan.
Dispanserda davolanayotgan shaxslar bilan bilan jamoaviy tartibda suhbatlashildi. Ombudsmanning mintaqaviy vakiliga yakka tartibda murojaat qilish istagida bo‘lgan shaxslar murojaatlari holi tarzda qabul qilindi.
Ombudsman axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, monitoring yakunlariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA