Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani Sarijar mahallasida yashaydigan Erkin Tulakov hovlisida issiqxona qurishni niyat qilib, tomorqasida ish boshladi. Shu maqsadda mo‘ljallagan yerini qaziy boshlaganida yarim metrlar chuqurlikda katta xum gardishiga duch keldi.
Yerni qiziqish bilan qazigan uy sohibi uzunligi 1,50-1,60 metr bo‘lgan butun holatdagi bitta katta xum idishni kovlab olib, viloyat madaniy meros boshqarmasiga xabar berdi.
Boshqarma xodimlari Termiz arxeologiya muzeyi mutaxassislari bilan yangi topilma atrofida arxeologik kuzatuv ishlarini olib borib, yana uchta xum idish mavjudligini aniqladi. Barcha xumlar zarar yetkazilmagan holda qazib olindi.
Ayni paytda olib borilayotgan dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, xumlarning ikki donasi milodiy IX-XIII asrlarga, yana ikkitasi XIV-XVI asrlarga oid ekani taxmin qilinmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri