2024-yil 27-fevralda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kredit majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish hamda aholining mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.
Qonun bilan aholi va tadbirkorlarga qanday qulaylik yaratildi? Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jamoatchilik bilan aloqalar markazi boshlig‘i Aziz Obidov ma’lumot berdi:
– Joriy yil 1-yanvardan boshlab aholi va tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish yuzasidan sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, ushbu kreditlar bo‘yicha foizlar va neustoyka hisoblanishi to‘xtatildi.
Bu yangi tartib davlatimiz rahbarining 2023-yil 4-sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida joriy etildi.
Bunga qadar kredit tashkiloti kredit oluvchi tomonidan kreditni qaytarish intizomi buzilganda – shartnoma yoki qonunda ko‘rsatilgan holatlarda – kredit qarzdorligini muddatidan oldin undirishga haqli bo‘lgan. Kredit tashkiloti kredit qarzdorligi sud qarori bilan undirilgandan so‘ng ham kredit amalda qaytarilgungacha bo‘lgan davrlar uchun foiz va neustoyka undirish huquqiga ega bo‘lgan.
Shu sababli yangi qonun Fuqarolik kodeksining 744-moddasiga kredit qarzdorligiga nisbatan foiz va penyalar hisoblash bo‘yicha yangi tartib belgilandi.
Endilikda kredit bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, sud qarorida ko‘rsatilgan kredit bo‘yicha undiriladigan summaga nisbatan ushbu kodeksning 327-moddasi birinchi va ikkinchi qismlari hamda 734-moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan foizlar, shuningdek, neustoyka hisoblanishi to‘xtatiladi.
Qonunchilikka kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, sud qarori bilan undirilgan kredit qarzdorligiga nisbatan kredit shartnomasida ko‘rsatilgan foizlar, pul majburiyatini bajarmaganlik uchun hisoblanadigan foiz va neustoyka hisoblanishi to‘xtatiladi.
Yangi qonun normasi shu yil 27-fevralda qabul qilingan bo‘lsada, unda qonunning orqaga qaytish kuchi ham nazarda tutilgan. Gap shundaki, sud qarori bilan undirilgan asosiy kredit qarziga nisbatan foiz va neustoyka undirish 2024-yil 1-yanvaridan e’tiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq qilinadi.
Fuqarolik kodeksining 4-moddasida qonunning vaqt bo‘yicha amal qilish qoidalari belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, fuqarolik qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi. Ushbu moddaning ikkinchi qismida esa qonun u amalga kiritilgunga qadar vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qonunda to‘g‘ridan to‘g‘ri nazarda tutilgan hollardagina tatbiq etilishi belgilangan.
Shu ma’noda sud qarori bilan undirilgan kreditning asosiy qarzga nisbatan 2024-yil 1-yanvardan boshlab foiz, neustoyka hamda boshqa shaxslarning pul mablag‘larini g‘ayriqonuniy ushlab qolish, ularni qaytarib berishdan bosh tortish, ularni to‘lashni boshqacha tarzda kechiktirish yoxud boshqa shaxs hisobidan asossiz olish yoki jamg‘arish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablag‘lar summasiga foiz hisoblanishi to‘xtatiladi.
Eslatib o‘tamiz, faqat sud qarori bilan undirilgan summaga nisbatan foiz va neustoyka hisoblanmasligi mikroqarz munosabatlariga nisbatan tatbiq qilinmaydi.
N.Abduraimova, O‘zA