Farg‘onada ot sportining uloq-ko‘pkari turi bo‘yicha xalqaro turnir boshlandi. Unda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Vengriyadan 8 ta jamoa ishtirok etmoqda.
Xalqaro turnir Milliy gvardiya Farg‘ona viloyati tasarrufidagi Chavandozlar maktabining otchoparida bo‘lib o‘tmoqda. Uning ochilishida viloyat hokimi o‘rinbosari Sherzodjon Rahimov barcha jamoalarga omad tiladi.
Mardlik, jasurlik, epchillik, qat’iyatlilik fazilatlari mujassam bo‘lgan chavandozlik sport o‘yini - xalqimizning qadimiy mashhur sport musobaqasi bo‘lgan. Ma’lumotlarga qaraganda, ko‘pkari (uloq) ot sporti musobaqasining bir turi miloddan avvalgi 2-3-asrlarning boshlarida shakllangan.
Qadimdan sayillar, hosil va Navro‘z bayramlarida umumxalq o‘yinlari qatorida ko‘pkari o‘ynalgan. Xalqimiz “Ot yigitning yo‘ldoshi” deb bejiz aytmaydi. Ayniqsa, O‘zbekiston qadimdan axaltekin, qorabayir zotli otlarning vatani ekanligi ko‘plab solnomalarda qayd etilgan. Farg‘onaning samoviy va uchqur otlari haqidagi tarixiy bitiklar esa barchaga faxr va iftixor bag‘ishlaydi.
Bugungi kunda bu milliy sport turi yanada rivojlanmoqda, mohir chavandozlar xalqaro musobaqalarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishmoqda.
[gallery-16570]
Prezidentimizning 2021-yil 11-martdagi «Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. "Qorabayir otlari mahorat maktabi", otchilik majmualari Milliy Gvardiyaga ot sporti turini yanada rivojlantirish va yoshlar orasida keng targ‘ib qilish maqsadida biriktirib berilgan bo‘lib, bugungi kunda Respublikada 14 ta Chavandozlar maktabi, 300 dan ortiq ot sporti seksiyalari tashkil etilgan.
Milliy gvardiyaning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi tasarrufida Chavandozlar maktabi, shahar-tumanlarda ot sportining konkur, uloq ko‘pkari, uchkurash turlari bo‘yicha 16 ta to‘garaklar tashkil etilgan. Hozirda ushbu to‘garaklarda qariyb 300 nafar o‘quvchi-yoshlar o‘z mahoratlarini oshirib borishmoqda.
O‘tgan davrda ot sportining konkur, uchkurash, ot yo‘rttirish turlari bilan shug‘ullanuvchi o‘quvchilar 18 marotaba O‘zbekiston chempionati va kubogi bahslarida qatnashib, 7 ta oltin, 5 ta kumush hamda 6 ta bronza medalni qo‘lga kiritishdi. Eng muhimi va asosiysi, bu maktab yoshlarga chinakam hayot saboqlarini bermoqda. Ayni paytda 9 nafar o‘quvchi-sportchi ot sporti bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi hisoblanadi.
Mazkur xalqaro turnir yurtimizda uchinchi marotaba o‘tkazilayotgan bo‘lib, ikki marta Surxondaryo viloyati mezbonlik qilgan. Uchinchi turnir esa Farg‘onada bo‘lib o‘tmoqda. Xalqaro turnir qizg‘in bahslar ostida kechayotgan bo‘lib, dastlabki o‘yinni O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Qozog‘iston terma jamoasi boshlab berdi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA