BAAning “Ko‘rfaz” (Al-Khaleej) nashri “Buxoro – qadim madaniyat va ilm-fan o‘chog‘i” sarlavhali maqola e’lon qildi.
Maqola Buxoroi sharifning tarixi, qadimgi madaniyat va ilm-fan rivojidagi o‘rni, ko‘hna kent osori atiqalari va tarixiy-memoriy obidalari tavsifi, shuningdek shaharda bugungi kunda yuz berayotgan ijobiy ishlar e’tirofidan iborat.
– Jahonning eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lgan Buxoro nomi dastlab IX asrda tarixchi Narshaxiy tomonidan zikr etilgan, – deydi muallif Jakati Al-Shayx. – Ko‘plab tarixchilar, tilshunoslar fikricha, Buxoro atamasi sanskritcha “vixara” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “qal’a” ma’nosini anglatadi. Ushbu shahar Xitoydan Rimga olib boruvchi Buyuk Ipak yo‘lining eng muhim chorrahalaridan birida joylashgan.
VIII asrda islom kirib kelishi bilan Buxoro diniy markazga aylandi va “Buxoroi Sharif” deyila boshlandi.
O‘tmishda bir necha bor forslar, arablar, mo‘g‘ullar tomonidan vayron qilingan va yana tiklangan Buxoroning iqtisodiy va madaniy taraqqiyoti Somoniylar va Shayboniylar davriga to‘g‘ri keladi.
Hozirgi Buxoro dunyoning ko‘pchilik shaharlari singari eski va yangi hududga bo‘lingan. Yangi shaharda ma’muriy binolar, maktablar, institutlar, sanoat korxonalari joylashgan.
IX-X asrda qurilgan Ismoil Somoniy maqbarasi Buxorodagi eng qadimiy yodgorliklardan biri sifatida hozir ham xuddi 1000-yil avvalgidek chiroyli ko‘rinishga ega. 875-999-yillar hukmronlik qilgan Somoniylar poytaxti Buxoro bo‘lgan buyuk davlat barpo etgan. O‘sha davr qurilish, san’at turlari, shuningdek matematika, geometriya, fizika singari aniq fanlar yuksak darajada rivojlanishi bilan ajralib turadi.
“Shahar ichidagi shahar” – Ark qal’asi yuz yillar davomida Buxoro hukmdorlarining rasmiy yashash joyi edi. Majmua ichida ko‘chalar, tor ko‘chalar, saroy, masjid, ustaxonalar bo‘lgan.
Poyi Kalon me’moriy majmuasi ham kishi e’tiborini jalb qiladigan joy. Mo‘g‘ullar davridan ancha ilgari, XII asrda barpo etilgan Kalon minorasi, shaharning, deyarli, hamma joydan ko‘rinadi. XVI asrda Poyi Kalon yonida Masjidi Kalon, qarshisida Mir arab madrasasi qurilgan.
Labi Hovuz – Buxoro ahli va mehmonlarning sevimli joyi. Maydon o‘rtasidagi katta hovuz atrofida turli binolar qad ko‘targan: Ko‘kaldosh madrasasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqosi.
“Sitorai Mohi xosa” saroyi – Oy va yulduzlar o‘rtasidagi joy, deya shoirona nomlangan. Shahardan, taxminan, 4 kilometr tashqarida joylashgan majmua Buxoro so‘nggi amirlarining yozgi saroyidir.
Muallif Buxoroni tavsiflar ekan, mustaqillik davrida yurtimizda milliy qadriyatlarni tiklash, madaniy merosni, ayniqsa tarixiy-memoriy obidalarni asrab, kelgusi avlodga yetkazish borasida ulkan ishlar amalga oshirilganini e’tirof etgan. Masjidi Kalon, Chorbakr, Ark qal’asi kabi qator osori atiqalar ta’mirlanib, asl qiyofasiga keltirilgani, tasavvuf namoyandalari, Naqshbandiya tariqati asoschilari Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband ziyoratgohlari obod etilganini urg‘ulagan.
Muharrama Pirmatova,
O‘zA