O‘zbekiston germaniyaliklar uchun ajoyib sayyohlik maskaniga aylanmoqda
Yaqinda Berlinda “ITB Berlin” xalqaro turizm yarmarkasi o‘tkazildi. Yarmarkada dunyoning 170 davlatidan 5 ming 500 kompaniya ishtirok etdi.
Ahamiyatlisi, unda mamlakatimizning 30 dan ziyod sayyohlik kompaniya va firmalari yurtimiz turizm imkoniyatlarini namoyish etishga musharraf bo‘ldi. Ularning O‘zbekiston milliy stendidagi taqdimoti esa xorijliklarning qiziqishini orttirdi.
“Labrys Reizen” sayyohlik firmasining loyiha menejeri Dafne Ostenning ta’kidlashicha, tomonlar o‘rtasida hamkorlik mustahkamlanib bormoqda.
– Biz ko‘p yillardan buyon O‘zbekistonning “Dolores Travel” sayyohlik kompaniyasi bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilayapmiz. Shaxsan o‘zim 17-yildan buyon turizm sohasida faoliyat olib boraman. O‘zbekiston germaniyaliklar uchun ajoyib sayyohlik maskani sanaladi. Qadimiy shaharlari, cho‘l va tog‘lardan iborat go‘zal tabiati, tansiq taomlari-yu mehmondo‘st xalqi sabab mijozlarimiz biz taklif etayotgan turlardan mamnun bo‘layapti.
Bu yilgi yarmarkada hamkorlarimiz bilan yangi rejalar haqida kelishib oldik. Bu yil Ipak yo‘li bo‘ylab dastlab O‘zbekiston va Turkmanistonga, keyingi yil esa Farg‘ona vodiysi orqali Tojikistonga ham sayohat uyushtirishni rejalashtirayapmiz. Odatda mijozlarimiz sayohatlarimizga bir necha marotaba ishtirok etgani uchun har safar yangilik ko‘rishni xohlaydi. Endilikda 3-4-yillik reja tuzish va uning ustida ishlashga kelishib oldik, – dedi u.
“Trescher Verlag” nashriyotining marketing bo‘yicha menejeri Folker Xagemann O‘zbekiston milliy stendi mamlakatimizning bu yo‘nalishdagi salohiyatini ko‘rsata olganini ta’kidlaydi.
– Nashriyotimiz asosan turizm sohasi bo‘yicha kitoblar nashr etadi. Shulardan biri bugun biz taqdim etayotgan Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlariga borish istagida bo‘lgan sayyohlarga mo‘ljallangan “Markaziy Osiyo” nomli qo‘llanmadir. Mazkur kitobning har bir davlatga, ya’ni O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistonga bag‘ishlangan maxsus alohida nashr etilgan shakli ham bor. Bu kitoblarimiz Germaniya, Avstriya va Shveysariya davlatlarining kitob do‘konlarida sotiladi. Biz bu orqali Markaziy Osiyoga sayohat qiluvchilarga yordam beramiz. Kitoblarimiz har bir yoki bir yarim yilda eng so‘nggi ma’lumotlarni jamlagan holda yangi nashrdan chiqadi, – deydi Folker Xagemann.
Germaniyadagi elchixonamizga ko‘ra, “ITB Berlin” xalqaro yarmarkasi 1966-yildan buyon o‘tkazib kelinadi. Yarmarka doirasida tashkil etiladigan nufuzli xalqaro “ITB Berlin” kongressida mutaxassislar soha rivoji yo‘lida ma’ruzalari bilan qatnashadi va hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA