Dohada suv sport turlari bo‘yicha o‘tayotgan jahon chempionatida sportchimiz «Parij-2024» yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Bu esa O‘zbekiston sport delegatsiyasining yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi yo‘llanmalari sonini 18 taga yetishini ta’minladi.
Bugun, 10 fevral kuni Qatar poytaxtida suv sport turlari bo‘yicha davom etayotgan jahon chempionati bahslarining suvga sakrash yo‘nalishida terma jamoamiz a’zosi Igor Myalin 10 metr balandlikdan suvga sakrash musobaqasida ishtirok etdi.
Yarim final musobaqasida Igorning chiqishi 415.80 ball bilan baholandi va sportchimiz hal qiluvchi final bosqichiga chiqqan 12 nafar sportchi orasida 7-natijaga erishdi.
Chempionat dasturiga ko‘ra, 10 metr balandlikdan suvga sakrash musobaqasida final bosqichiga chiqqan 12 nafar sportchi “Parij-2024” olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasiga sazovor bo‘ladi.
Jahon chempionatining final musobaqasida medallar uchun kurashni davom ettiradigan hamyurtimiz Igor Myalin bir vaqtning o‘zida Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani ham qo‘lga kiritgani ahamiyatli bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, chempionatning ertangi suzish dasturida terma jamoamiz a’zolaridan Ilya Sibirsev va Eldorbek Usmonov bahslarga kirishadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA