Qo‘lyozmalar – ijodkor faoliyatining “tirik” guvohlari, hayoti va adabiy muhitidan ma’lumot tashuvchi vosita. Vaqt esa hakam, u ko‘plab qo‘lyozma asarlarning yo‘q bo‘lib ketishiga ham sabab bo‘ladi. Davrlar, tuzumlar o‘zgarishidan hamma narsa ham birdek omon qola olmaydi.
Ammo asl va kuchli asarlar qo‘lyozmalar vositasida bizgacha yetib kela olgan. Shu ma’noda Alisher Navoiy asarlarining qo‘lyozmalari masalasida o‘zbek xalqining omadi kelgan, desa ham bo‘ladi.
Shoir she’rlari jamlangan o‘ndan ortiq qo‘lyozma Navoiy hayotligi davrida ko‘chirilgan bo‘lib, bugungi kunimizgacha yetib kelgan. O‘shandan beri salkam besh yarim asr vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Alisher Navoiy devonlarining qo‘lyozmasini izlash va topish davom etmoqda.

Shu kunlarda Alisher Navoiy devonining yana bir qo‘lyozmasi va uning tarkibi aniqlandi. Navoiyning 1501 yili may oyida ko‘chirilishi tugallangan “Terma devoni” qo‘lyozmasi fotonusxasini oldik. U yashagan davrga yaqin bo‘lgan ushbu qo‘lyozma tarkibining aniqlanishi, mutafakkir adibimiz ijodiy laboratoriyasini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumki, Alisher Navoiy 1501 yil 3 yanvarda dunyodan ko‘z yumgan. Qo‘lyozma shundan to‘rt oy o‘tganidan so‘ng – 906 yil, shavvol /1501 yil, may oyi oxirida ko‘chirib tugallangan. Undan Navoiyning 127 g‘azali va 3 ruboiysi o‘rin olgan. Mazkur majmua Alisher Navoiyning 1498 yil tartibi berilishi yakunlangan to‘rt devondan iborat “Xazoyin ul-maoniy” to‘plamidan so‘ng tuzilganligi va ancha kichik hajmga egaligi sabab uni shartli tarzda “Navoiyning 1501 yilgi “Terma devon”i deb atash mumkin.
Aslida Navoiy she’rlaridan saralab tuzilgan “Terma devon”lar ko‘p va ular keyingi davrlarga oid. Ayni “Terma devon” esa “Xazoyin ul-maoniy”dagi she’rlardan tanlab olib tuzilgan va Navoiy she’rlarining bizga ma’lum eng dastlabki va kichik bir to‘plami ekanligi bilan ahamiyatlidir.
“Navoiyning 1501 yilgi “Terma devoni” Eronning Tehron shahridagi Malik kutubxonasida saqlanadi. Bu qo‘lyozma haqida turk olimi Shodi Oydinning “Eron kutubxonalaridagi turkiy qo‘lyozmalar katalogi” orqali biroz ma’lumot bor edi. Unda mazkur qo‘lyozma haqida bir necha satr qayd keltirilgan, xolos. Qo‘lyozma “Navoiy devoni” deb atalgan. Katalog muallifi shunday umumiy nom bergani uchun qo‘lyozmaning mohiyati – Navoiyning aynan qaysi devoni ekanligini qayd etmagan. Qo‘lyozmaning ayrim sahifalari nusxasi internetga ham qo‘yilgan va bu “Oqqo‘yunlilar devoni”, deb atalgan.

Bunday nom “Oqqo‘yunli muxlislar devoni” degan ma’noda emas, balki Oqqo‘yunlilar sulolasi davrida ko‘chirilgan Navoiy devoni, degan ma’noda qo‘yilgan. Biroq nima asosda bunday nomlanish qo‘yilganiga aniqlik kiritilmagan.

Ayni terma devon uchun she’rlarning tanlash prinsiplarini tadqiq etish muhim. Masalan, Navoiy “Xazoyin ul-maoniy”ga jami 2600 ta g‘azalini kiritgani bizga yaxshi ma’lum. Terma devondagi 127 ta g‘azal bu to‘plamning salkam 5 foiziga to‘g‘ri keladi. Bular ichida bugungi kunda ham Navoiyning xalqimiz orasida mashhur bo‘lgan g‘azallari uchraydi.
Masalan, ulardan ba’zilaridan dastlabki baytlarni keltiramiz:
Orazin yopqach ko‘zumdin sochilur har lahza yosh,
Bo‘ylakim paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh.
***
Kecha kelgumdur debon ul sarvi gulru kelmadi,
Ko‘zlarimga kecha tong otquncha uyqu kelmadi.
***
Mehr ko‘p ko‘rguzdum, ammo mehribone topmadim,
Jon base qildim fido, oromi jone topmadim.
***
Husni ortar yuzda zulfin anbar afshon aylagach,
Sham ravshanroq bo‘lur torin parishon aylagach.
***
Tun oqshom bo‘ldiyu kelmas mening sham’i shabistonim,
Bu anduh o‘tidin har dam kuyar parvonadek jonim.
***
Ne navo soz aylagay bulbul gulistondin judo,
Aylamas to‘ti takallum shakkaristondin judo.
***
Furqatingdin za’faron uzra to‘karmen lolalar,
Lolalar ermaski, bag‘rimdin erur pargolalar.
***
Ochmag‘ay erding jamoli olam oro koshki,
Solmag‘ay erding bori olamda g‘avg‘o koshki.
E’tiborli tomoni shundaki, bugungi kunda zamonamiz o‘zbek kitobxoni Alisher Navoiyning eng mashhur va sara she’rlari qaysilar deyilganida, mazkur baytlar bilan boshlanuvchi g‘azallarni ko‘rsatishi tabiiy hol. Ularga kitobxonlarimiz o‘rgangan. Demak, bugun biz uchun qadrli bo‘lgan ayni g‘azallar Navoiy yashagan davrda ham ma’naviy va badiiy qadriyat maqomida bo‘lgani ehtimoli katta ekan. Navoiyning yangi qo‘lyozmasi shoir ijodi haqida yangi fikrlarga yetaklaydi.
Aftondil ERKINOV,
filologiya fanlari doktori,
O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi
professori.
O‘zA