Vatan mustaqilligi, millat taqdiri uchun kurash – abadiy kurashdir
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: O‘zbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni o‘z hayotining ma’nosi deb bilmog‘i kerak! Biz bir bo‘lsak - yagona xalqmiz, birlashsak - Vatanmiz!
Dunyoda imperiyaparastlik va shovinizm bosh ko‘tarayotgan, tajovuz va tahdidlar tobora ortayotgan, tarixni buzib talqin qilish kuchayotgan, kamsitishlar, bosqinchilik, vayronkorlik, bir-biriga qarama-qarshi qo‘yishlar, adovat qo‘zg‘ash, urushlarni moliyalashtirish, ichki ishlarga aralashish ochiq-oydinlik kasb etayotgan ziddiyatli, murakkab bir davrda yashayapmiz.
Mustaqil mamlakatlarga tahdidlar turli ko‘rinishlarda bo‘lyapti. Ba’zan unga beparvo qaraymiz, ba’zida kampaniyavozlik qilib, kim o‘zarga javob qaytaramiz.
Lekin biz millat sifatida anglab yetishimiz zarur bo‘lgan bir haqiqat bor. Mustaqillik uchun kurash qachonki, unga nisbatan tahdidlar yuz bergandagina ko‘zga tashlanmasligi kerak. Bu ojiz qarash bilan mutlaqo murosa qilib bo‘lmaydi.
Mustaqillik uchun jang mamlakat va millat bor ekan, hech qachon to‘xtamaydi.
Unutmasligimiz kerakki, bu jang to‘xtagan kuni dushmanlar bosh ko‘taradi. Ular hali hamon mustamlakachilik, hukmronlik da’vosidan voz kechgani yo‘q, payt poylab turishibdi.
Qachonki, biz ahillikni, birlikni, hamjihatlikni yo‘qotsak, ichimizdan xoinlar chiqsa, Vatan ozodligini ko‘z qorachig‘imizdek asramasak, bunday vaziyat dushmanlarimizga qo‘l keladi.
Ba’zan qaysidir kovaklardan, o‘zimizni ichimizdan chiqqan sotqinlarni jirkanch ovozi chiqib qoladi. Ular tutqunlik, qullik davrlarini zo‘r berib qumsaydilar. Ularning safsatalari “gugurt bir tiyin edi” dan boshlanadi. Ularning bu chirkin qarashlariga chidab turish og‘ir. O‘sha zamonlarda “Qadring qancha edi?” degim keladi.
Turmush qiyinligidan, nochorligidan ayollar o‘ziga o‘t qo‘ygan, “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” girdobida otalar qamalgan, go‘daklar o‘limi ortgan, bemaqsad urush tufayli yigitlar jasadi temir tobutlarda qaytgan, bolalar paxta quliga aylantirilgan davrlarni nahotki unutgan bo‘lsak? Nahotki shunday mash’um kunlarni qumsayotganlar oramizda bo‘lsa. Bu dahshatku...
Mustabid tuzumni qumsaydigan kimsalarni buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatov ta’biri bilan aytganda manqurt degim keladi. Nahotki, qandaydir moddiy narsalarga Vatan mustaqilligini qiyoslash mumkin bo‘lsa? Nahotki, uning qalbida milliy g‘urur bo‘lmasa? Or bo‘lmasa? Nomus bo‘lmasa? O‘sha kimlardir qumsayotgan mustabid tuzum bizni millat sifatida ojiz qilib qo‘ymadimi? Bizning tafakkurimizni o‘ldirmadimi? Osmadimi? Otmadimi? Surgun qilmadimi? Agar mustaqillik bo‘lmaganida edi, biz allaqachon o‘zligimizni yo‘qotgan, qadriyatlarimizdan ayrilgan, tilsiz, erksiz, bir nochor xalqqa aylanar edik.
Bugun mamalakat mustaqilligi haqida gapirayotganlar uni oddiy hodisaday ta’riflaydilar. Yo‘q unday emas. Mustaqillik mamlakat va millatni qaddini tikladi. Mustaqillik millatning ongidan qullikka ko‘nish sindromini olib tashladi.
Mustaqillikni bebaho imkoniyatlarini, buyuk evrilishlarini, ulug‘ istiqbollarini anglash uchun, mustabid tuzumning kirdikorlaridan xabardor bo‘lish kerak. O‘sha ayanchli tarixni chuqur o‘rganish kerak. Bobolarimiz qanchalik xo‘rlanganini, toptalganini, qatag‘on qilinganini, millatning aqli, bilimi, o‘tmishi ayovsiz yo‘q qilinganligini taftish qiladigan payt allaqachonlar kelgan.
Hech qachon mustabidlik qaytib kelmasin. Xalqimiz ozod yashasin.
Ozodlik uchun kurashga jonini tikadigan avlodlar paydo bo‘lsin.
Vatanparvar, millatparvar yoshlar maydonga chiqsin.
Yaxshi bilingki, Vatan uchun, mustaqillik uchun kurash bu abadiy kurashdir. Bu kurashdan, hech kim o‘zini chetga olishga haqqi yo‘q. Bu kurash umummillat kurashidir. Bu kurashda chekinib bo‘lmaydi. Ortimizda Vatan va millat turibdi.
Bugun O‘zbekistonni taraqqiy etayotganligi ba’zilarga yoqmasligi aniq. O‘zbekistonni Markaziy Osiyo birligi uchun ulkan ishlarni qilayotganligi, kimlarnidir tinchini o‘g‘irlaydi. Bugun O‘zbekistonni dunyo hamjamiyatidagi o‘rni tobora yuksalayotganligi dushmanlarimizni bezovta qiladi.
Chunki ular bir paytlar mustaqillikning dastlabki yillarida “bizsiz yasholmaydi”, “o‘zlari yalinib keladi”, “chegarasini himoya qilolmaydi”, “ertaga falon davlat ularni bosib oladi” deya fol ochishgan edi. Lekin ularning foli to‘g‘ri chiqmadi. Biz mustaqillikni boshimiz uzra baland ko‘tarib, mustaqillikni mashaqqatli yo‘llarini mardonavor bosib o‘tdik.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev haqli ravishda qayd etganidek: Bugun oldimizda turgan vazifalar qanchalik ulkan va murakkab bo‘lmasin, ularni birgalikda hal etishga kuchimiz ham, imkoniyatimiz ham yetadi. Biz endi kechagi odamlar emasmiz. Xalqimiz ham kechagi xalq emas.
Bugun O‘zbekiston dunyoning eng nufuzli xalqaro tashkilotlarini to‘laqonli a’zosi. Dunyo tinchligida muhim o‘rin tutadigan mamlakat. O‘z so‘ziga, o‘z qarashlariga ega bo‘lgan qudratli davlat. O‘zbekiston uchun qaramlik allaqachon tarixga aylangan.
Xomta’ma bo‘lmang millatimizni kamsitishingizga indamay qarab turmaymiz. Bugun bunday kimsalarga javob berishga, kimligimizni ko‘rsatib qo‘yishga kuchimiz ham, bilimimiz ham yetadi.
Aynigan kallangizdan, chirigan xayollarni quving. O‘zbekistondan, o‘zbek xalqidan balki, nimalarnidir olishingiz mumkin. Lekin mustaqillikni emas. Bu so‘zlarni qulog‘ingizga qo‘rg‘oshinday quyib oling.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati a’zosi.