Yurtimizda raqamlashtirish va transformatsiya jarayonlari shiddat bilan rivojlanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan asrga nisbatan axborot almashinuvlarining 10 yili 1 kunga to‘g‘ri kelayotgan ekan.
Bu jarayonda yoshlarning ongi va dunyoqarashi, tafakkuri ham shu daraja boy va sermahsul bo‘lib shakllanib borayotgani ham ayni haqiqat. Mamlakatimiz ta’lim strategiyasi ham zamon bilan hamnafas taraqqiy etar ekan, Yangi O‘zbekiston yoshlari katta imkoniyatlarni qo‘lga kiritishi shubhasiz.
Yurtimiz ilm-fanining rivojlangan davlatlar bilan integratsiyalashuvi orqali qo‘shma ta’lim dasturlari yoshlarning xorijda bilim olishi uchun katta huquqiy asos bo‘lmoqda.
Ma’lumki, qaysi davlatda yoshlariga g‘amxo‘rlik qilinmasa, ularning sifatli ta’lim olishi uchun sharoit, jahon talablari asosida xorijda o‘qishi uchun imkoniyatlar yaratilmasa, rivojlanish bo‘lmaydi.
So‘nggi olti yilda mamlakatimizning buguni va ertasini belgilab beradigan asosiy omil — ta’lim sifatini oshirish, uni xalqaro talablar asosida qayta isloh qilish, xorij tajribasi bilan integratsiyalashtirishga katta e’tibor qaratildi va sezilarli sarmoyalar ajratildi.
Bosqichli tarzda “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasiga” o‘tildi. Shu davr mobaynida Yangi O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasida tub burilishlar yuz berdi. Jumladan, oliy o‘quv yurtlari soni 77 tadan 200 taga yetdi, ularga qabul 3,5 baravarga ortdi. Oliy ta’limda raqobatni qo‘llab-quvvatlash va xususiy sektorni jalb qilish orqali 24 ta xorijiy hamda 27 tadan ziyod nodavlat oliygohlar tashkil etildi. Shu asosda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 32 foizga oshirildi.
Mamlakatimiz OTMlariga 2023-2024 o‘quv yilida qabul ko‘rsatkichlari jami 465 393 tani tashkil etib, 2023 yilda 25 ta yangi OTM faoliyati yo‘lga qo‘yildi, jumladan, nodavlat oliy o‘quv yurtlari 27 taga, xorijiy oliygohlar 31 taga, davlat oliygohlari esa 112 taga yetdi.
Sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 38 foizga yetkazish maqsadida nodavlat oliy ta’lim muassasalari soni 27 tadan, jami oliygohlar soni esa 170 tadan oshirilishi o‘tgan davrda qo‘shma ta’lim dasturlari samarasidir.
Oliy ta’lim jarayoni to‘liq kredit-modul tizimiga o‘tkazilishi esa, mamlakatimizda ta’lim raqamlashtirilishi jadallashgani va Yevropaning ECTS (European Credit Transfer and Accumulation System) tizimi qabul qilinganidan dalolat beradi.
Xorijiy universitetlarning filiallari O‘zbekistonga kirib keldi hamda talablari uchun xorijda o‘qish imkoniyatlari kengaydi, o‘z navbatida yurtimizga ham xorijiy talabalar kelib tahsil ola boshladi.
Bunga oliy ta’limdagi xalqaro nufuzli OTMlar bilan integratsiyalashuv, keng joriy qilinayotgan innovatsion ta’lim dasturlari va raqamlashtirish islohotlari katta shart-sharoit yaratdi.
Samarali maqsadlar yo‘lidagi harakatlarni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2023 yil 11 sentyabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston-2030” strategiyasiga oid farmonda ham ko‘rishimiz mumkin.
Unda xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish maqsad qilingan. Bu ulug‘ yo‘lda har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun davlat tomonidan barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirishga alohida urg‘u berilgan.
Xususan, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish belgilab berilib, 100 ta chora-tadbirdan 7 ta bandi aynan oliy ta’lim sohasining qo‘shma ta’lim dasturlariga qaratilgan.
Xususan, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish va 2030 yilgacha erishiladigan maqsadlar samaradorligiga bog‘liq holda ta’limni rivojlantirish asoslab berilgan.
Belgilangan maqsadlar...
Eslatib o‘tadigan bo‘lsak, farmonning “Ta’lim tizimi islohotlari” bobida oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish belgilab berilgan.
Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan to‘liq ta’minlash, 30 ta oliy ta’lim muassasasining ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish vazifasi qo‘yilgan.
Xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlarini yanada kuchaytirgan holda «Top-500»ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida «ikki diplomli tizim»ni joriy etish vazifasi ko‘rsatilgan.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasini amalga oshirishning eng ustuvor yo‘nalishi sifatida 10 ta oliy ta’lim muassasasini dunyoning eng nufuzli “Top-1000” oliy ta’lim tashkilotlari reytingiga kiritishga erishish ko‘zlangan. Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish maqsad qilib berilgan.
Darhaqiqat, bugun mamlakatlar aro almashinuv jarayonida ming-minglab talablarimiz qo‘shma dastur 3+1 ta’lim shaklida tahsil olmoqda. Bu 3 yil O‘zbekiston OTMsida va 1 yil (4 va 6 semestrlar) xorijda o‘qish imkonini taqdim qiladi.
Qo‘shma dasturning afzalligi yoshlarga ikki tomonlama diplom taqdim qilib, kelajakda faqatgina O‘zbekistonda emas, balki boshqa xorijiy davlatlarda ham ishlash imkoniyatini beradi.
O‘qish mobaynida turli millatlarga mansub talabalar bilan tanishadi, dunyoqarashi boyib, tajriba almashadi, ikki uchta tilni o‘rganishi mumkin.
Masalan, Moskva davlat lingvistika universiteti va O‘zbekiston jahon tillari universitetlari 2018 yilda kelishuv shartnomasini imzolagan edi. Mazkur qo‘shma dastur 3+1 ta’lim shaklida bo‘lib, 3 yil O‘zbekiston jahon tillari universitetida va 1 yil Moskva davlat lingvistika universitetida (4 va 6 semestrlar) o‘qitilishi belgilab qo‘yilgan.
Bunday imkoniyatni eshitib, undan foydalanishga erishganlardan biri Sevara Abdimurodova bo‘lib, u qo‘shma dastur faqatgina O‘zbekiston davlatida emas, balki Rossiya davlatida ham ishlash imkoniyatini berishiga qiziqqan. Turli millatga mansub talabalar bilan o‘qish, do‘stlar orttirish va ular bilan bilim-tajriba almashish, ikki-uchta tilni o‘rganish ishtiyoqi uni qo‘shma ta’lim asosida yangi ufqlarni kashf etishga undagan. Shu tariqa Sevara qo‘shma ta’lim dasturi asosida universitetni muvaffaqiyatli bitirdi.
Xulosa qilib aytganda, qo‘shma ta’limi dasturlarini integratsiyalashgan holda tashkil etishda oliy ta’lim muassasalarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, xalqaro reytingdagi o‘rni va ta’lim sifatini oshirish, nazorat qilishning innovatsion mexanizmlarini keng joriy etish muhim sanaladi.
Qo‘shma ta’lim dasturlariga innovatsion yondashgan holda universitetlar transformatsiyasini amalga oshirish va bugun xalqaro talablarga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash dolzarb ahamiyat kasb etadi. Xususan, ta’lim sifatini oshirishda xalqaro hamkorlarni qidirish, yuqori darajali institutlarni, bilimlarni kashf qilish va ularni ulashishni metodik taxminlash lozim. Shu bilan birga, yangi ta’lim sektorlarini tashkil qilish, xalqaro maydonda izlab topish va ta’lim sifatini oshirish mamlakat taraqqiyoti uchun samaralidir.
Oliy ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha xalqaro standartlar, normalar va shakllar asosida faoliyat yuritish, ularni “Universitet 4.0.” konsepsiyasi bo‘yicha transformatsiya qilish, xalqaro reytinglardagi o‘rnini yuksaltirish, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini bosqichma-bosqich institutsional rivojlantirish oldimizda tugan eng muhim vazifalardan biridir.
Nigora Abdullayeva,
O‘zDJTU Qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish
bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori