Xalqaro kurash assotsiatsiyasi xabariga ko‘ra, Italiya kurash akademiyasi rasman o‘z faoliyatini boshladi. U Italiyada rasmiy ro‘yxatga olinib, davlat idoralari tomonidan tasdiqlangani to‘g‘risidagi xujjat Xalqaro kurash assotsiatsiyasiga taqdim etildi.
Yangi tashkil etilgan Italiya kurash akademiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi Kurash instituti va O‘zbekiston kurash federatsiyasi joriy yil fevral oyi oxirida Yevropaning ushbu mamlakatida murabbiylik seminarini tashkil etadi.
O‘zbekiston kurash federatsiyasi hamda manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan ushbu seminar Yevropaning barcha mamlakatlari vakillari uchun ochiq hisoblanadi. Seminar davomida kurashni ko‘hna qit’ada ommalashtirishda ishtirok etadigan mutaxassis va sportchilarga kurash yaktaklari, o‘quv-qo‘llanmalar tarqatiladi.
Mazkur kurash seminari 2024 yilning iyul oyida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan xalqaro turnirga tayyorgarlikning muhim bosqichi hisoblanadi. Italiyada sovrin jamg‘armasiga ega xalqaro turnir tashkil qilinadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA