“Avvallari chet elga ishlash uchun ketgan odamlar haqida turlicha salbiy fikrlar bo‘lar edi. Qo‘pol qilib aytganda “ko‘cha supurish, beton quyish uchun ketgan” degandek so‘zlarni eshitar edik. Ammo hozirgi kunda migrantlarga nisbatan munosabat xalqimiz orasida ham, xorijda ham butunlay o‘zgardi. Aslida, migrantlar o‘zi ishlab topgan halol pulidan oilasini boqyapti, farzandlarini o‘qitib, oliy ma’lumotli qilyapti, qolaversa, davlatimiz byudjetiga ham daromad keltirmoqda. Eng quvonarlisi, kasbiy ko‘nikmaga ega, kasb-hunarli o‘zbekistonlik ishchilarga butun dunyoda talab ortib bormoqda. Shu sababli, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari nafaqat jismoniy balki aqliy mehnat orqali ham mo‘may daromad topmoqda...”
Bu Germaniyada ishlayotgan namanganlik Muzaffar Valijonovning so‘zlari.
Muzaffar hozirgi kunda Germaniyaning “Europa-Park” dam olish maskanidagi “Adventure Food” stadionida oshpaz va sotuvchi bo‘lib ishlaydi. U quvnoq va samimiy jamoasidan juda minnatdor.
– Haftada besh kun ishlaymiz, ishchilarga maxsus kiyim, tushlik beriladi, – deydi 32 yoshli Muzaffar Valijonov. – Bu yerda aniq va qat’iy ish vaqti belgilangan bo‘lib, shunga yarasha oylik maoshlar ham o‘z vaqtida berib boriladi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ko‘magida shu yerda ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldim. Agentlik tomonidan bir oylik sug‘urta qilinganmiz va ish joyimizda har qanday huquqiy masalalarda yordam berib borishadi. Yurtimizdan olisda bo‘lsakda, har bir o‘zbek fuqarosi davlatimiz himoyasida ekanligini doimo his qilamiz. Germaniyada migrantlarga munosabat ancha ijobiy. Sizning sog‘lig‘ingiz yoki sizdagi qaysidir muammoga ular befarq emas. Yordam kerak bo‘lsa o‘zlari kerakli joyga borib yoki to‘liq ma’lumot berib tushuntiradi. Shu sababli bu yerda men o‘zimni migrant emas, shu hududning bir vakilidek his qilaman.
Darhaqiqat, bugungi kunda migratsiya masalalari barcha davlatlar iqtisodiyotida alohida o‘rin tutadi.
E’tiborli jihati, keyingi yillarda mamlakatimizda tizim bilan bog‘liq vaziyat tubdan o‘zgardi. Bu – fuqarolarimizning xorijda ishlashi uchun sharoitlar yaratish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, kafolatli mehnat bozori bilan ta’minlash, yurtimizga qaytib kelgandan keyingi taqdiriga befarq bo‘lmaslik kabi sa’y-harakatlarda namoyon bo‘ladi.
Bu yo‘nalishda bir qator huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi esa mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga, jumladan, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash, moliyaviy yordam berish, tibbiy xizmat ko‘rsatishning ishonchli mexanizmlarini yaratishga mustahkam poydevor bo‘lmoqda.
O‘tgan 2023 yilda xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish, kasb-hunarga va chet tillariga o‘qitish orqali fuqarolarni xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishlariga ko‘maklashish, ularga huquqiy va moddiy yordam ko‘rsatish, xorijdan qaytgan mehnat muhojirlari bandligini ta’minlash borasida samarali ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
– 2023 yil boshida xalqaro tashkilotlar bilan istiqboldagi vazifalar belgilab olingan edi va bir qator samarali ishlar amalga oshirildi, - deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Jahongir Xudoyxo‘jayev. - Jumladan, migratsiya masalalari bo‘yicha xalqaro tashkilot (IOM)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari bilan 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xarita”si, “Markaziy Osiyoda mehnat migratsiyasini 2022-2026 yillarda amalga oshirish dasturi”, “Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishchilarni tashkiliy yollash dasturlari bo‘yicha O‘zbekiston va Buyuk Britaniya manfaatdor tomonlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshiriladigan ishlar belgilandi.
“Winrock International” tashkilotining O‘zbekistondagi ofisi vakillari va “Yuksak salohiyat” jamoat birlashmasi bilan “Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya” loyihasi doirasida 2023 yilda xorijda ishlayotgan va ishlash istagidagi fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida “Migrantlar uchun qo‘llanma” ishlab chiqildi. Shuningdek, “MDH ishtirokchi-davlatlarining umumiy mehnat bozorini shakllantirish va ishchi kuchi migratsiyasini tartibga solish Konsepsiyasi” loyihasi ishtirokchi-davlatlar vakillari tomonidan ko‘rib chiqildi hamda “MDHga a’zo davlatlar mehnat migrantlarining hujjatlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risida”gi namunaviy kelishuvni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tuzish belgilandi.
“O‘zbekiston Respublikasi va Qatar davlati o‘rtasida ishchilarni jalb qilish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida Kelishuv” imzolandi. Hukumat qarori asosida tashkil topgan xorijiy sarmoya ishtirokidagi xorijiy ishchi kuchini yollovchi 68 ta korxonada ishlash uchun 1 589 nafar xorijiy fuqarolarga mehnat faoliyati huquqi tasdiqnomasi rasmiylashtirib berildi.
Eng avvalo, noqonuniy mehnat migratsiyasi va odam savdosiga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, tashqi mehnat migratsiyasini diversifikatsiya qilish doirasida xorijiy davlatlar bilan yangi mehnat bozorlariga chiqish va mazkur yo‘nalishdagi tartib-taomillarni soddalashtirish bo‘yicha hamkorlik jadallashtirildi. Tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish, xorijda ishlayotgan fuqarolarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ular bilan doimiy muloqot tizimi joriy etildi.
Agentlik bergan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda 24 ta xorijiy davlatlarning 398 ta yirik ish beruvchi tashkilot va agentliklar bilan tashqi mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Sa’y-harakatlar, tizimli muloqotlar natijasida O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha ish beruvchi agentliklar bilan 118 ta shartnoma imzolanishiga erishildi. Yil boshidan iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida Agentlik bilan hamkorlik kelishuvi imzolagan mazkur ish beruvchi agentliklarning 100 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari aniqlandi. 60 mingta bo‘sh ish o‘riniga talabnoma olindi.
Natijada 38 ming 401 nafar fuqaroning xorijiy davlatlarga tashkiliy va manzilli tartibda ishga joylashishiga ko‘maklashildi. 2022 yilda tashkiliy tartibda xorijiy davlatga ishga joylashtirilgan fuqaroning 40 foizi rivojlangan va ish haqi yuqori bo‘lgan davlatlarga yuborilgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 62 foizga oshirildi. Xususan, ilk bor 2 mingga yaqin fuqaro Buyuk Britaniyaga, 500 nafarga yaqin fuqaro Germaniyaga yuborildi. Janubiy Koreyaga yuborilgan fuqarolar soni 1,5 baravarga ko‘paytirilib, 4,9 ming nafarga yetkazildi.
Bundan tashqari, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qilish maqsadida xorijiy davlatlarning vakolatli tashkilotlari bilan 6 ta memorandum imzolandi.
Ayni kungacha Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlik kelishuviga ega ish beruvchi va rekruting agentliklari soni 268 tani tashkil etib, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar “labor-migration” dasturiy majmuasining ish beruvchilar reyestriga kiritildi.
Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil 1 aprel holatiga O‘zbekistonda doimiy aholi soni 36,2 million kishini tashkil qilgan. Mehnat bozori tadqiqotlari instituti ma’lumotiga ko‘ra, mehnat resurslari soni o‘rtacha 19,7 million, iqtisodiy faol aholi soni 15,1 million, iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar 13,9 million, shundan rasmiy sektorda 6,3 million hamda norasmiy sektorda 5,5 million kishiga to‘g‘ri keladi. Ishga muhtoj bo‘lganlar 1,2 million kishini, ishsizlik darajasi o‘rtacha 8,1 foizni tashkil etgan. Tahlillarga ko‘ra, 2023 yil dekabr holatiga xorijdagi mehnat migrantlari soni o‘rtacha 2 million kishini tashkil etmoqda.
Amaldagi subsidiya hisobiga mehnat migrantlariga taqdim etilayotgan sug‘urta polisi samaradorligini oshirish maqsadida 10 dan ortiq sug‘urta kompaniyalari o‘rtasida ochiq tanlov o‘tkazildi va tanlov g‘olibi “Kapital sug‘urta” AJ bilan 1 yillik hamkorlik bitimi imzolandi. Unga ko‘ra, sug‘urta hodisalari bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar 3 tadan 6 taga ko‘paytirildi.
Bunga bir yilgacha muddatda ishlash ruxsatnomalarini rasmiylashtira olmagan hollarda vatanga qaytishda chipta xarajatlarini qoplash, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilganda uning xarajatlarini (2,3 ming AQSH dollarigacha) qoplash, xorijda qiyin vaziyatga tushib qolganda yuridik xizmat xarajatlarini (1 ming AQSH dollarigacha) va yashash joyisiz qolganda bir oygacha muddatga turar joy xarajatlarini (1,5 ming AQSH dollarigacha) to‘lab berish, og‘ir bemorlarni tashish, zarurat bo‘lganda tez tibbiy yordam ko‘chma brigadalari xizmatlarini (1 ming AQSH dollarigacha) qoplash, vafot etganda repatriatsiya xarajatlarini (6 ming AQSH dollarigacha) qoplash kiradi.
Albatta, xorijda mehnat faoliyatini olib borish uchun kasb-hunar, til masalasi juda muhim. Bu borada mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish natijasida aniqlangan ish o‘rinlarini to‘ldirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Bunda, bo‘lajak mehnat migrantlarini kasblarga va xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidagi 32 ta monomarkaz va uning filiallari, 53 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi, 13 ta qurilish sohasi malakali mutaxassislarini tayyorlash markazlari hamda boshqa turli vazirlik va idoralar, nodavlat ta’lim muassasalari, 10 ta xorijiy hamkorlar bilan tashkil etilgan 48 ta o‘quv kurslari imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda.
Birgina o‘tgan yilda 58 228 nafar xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar kasb-hunar va xorijiy tillar kursiga o‘qishga jalb qilindi. Ulardan 56 692 nafari (30 ga yaqin turdagi) kasblarga, 1 536 nafari (nemis, rus, ingliz, koreys, yapon va boshqa) chet tillari kurslariga yo‘naltirildi. Shundan, xorijiy tashkilot bilan hamkorlikda tashkil etilgan kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish kurslariga bugungi kunda 2 mingga yaqin fuqaro o‘qitilmoqda. Ushbu kurslarni tugatgan 324 nafar fuqaro xorijga ishga yuborildi.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda migratsiya masalalarini tartibga solish, xorijda ishlayotgan vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Biroq hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar talaygina. Aholi orasida qonuniy migratsiya tushunchasini kengroq targ‘ib etish kerak. Fuqarolarimiz xorijga ishga qonuniy yo‘llar bilan borishi kerakligini tushunib yetmog‘i lozim. O‘shandagina yurtdan olisda mehnat qilayotgan har bir vatandoshimiz davlatimiz himoyasida bo‘ladi, o‘zga o‘lkalarda aldanib qolmaydi.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA muxbiri