“...Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar.
XX asr boshlarida xalqimizni ozodlik va ilm-ma’rifat uchun kurashga chorlagan jadid bobolarimizni eslaylik.”
Shavkat MIRZIYOEV.
O‘tgan 2023 yil mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichlarini belgilab bergan yorqin voqeliklarga boy bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023 yil 22 dekabrda o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida mamlakatimiz ma’naviy-ma’rifiy hayoti bilan bog‘liq yangi istiqbolli tashabbuslar o‘rtaga tashlandi.
Bu haqda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Mirzo quyidagilarni so‘zlab berdi:
Dunyoga jadidlar qaytmoqda
Ma’naviyat va ma’rifatni suv va havodek zarurligini Prezidentimiz ilk bora o‘z vazifasiga kirishgan yillardayoq mamlakatning asosiy tayanchi, yuksalish asosi sifatida maydonga olib chiqdi.
O‘ylangan o‘ylar-la ko‘ngil yupanmas,
Ko‘ngilning istagi o‘y bilan qonmas,
Aytarlar bu tunda yorug‘ sham yonmas,
Chaqmasa gugurtni asl o‘g‘ullar…
XX asrda jadid ma’rifatparvarlari millat dardida qalblarda yondirgan shamlar mustabid tuzum tomonidan ayovsiz o‘chirildi. To‘qsoninchi yillarda jadidlarga bir murojaat qildig-u, keyin ulardan yiroqlashdik. Bu yiroqlashish millatga qanchalar qimmatga tushganini hozir ich-ichdan his qilib turibmiz. Aslida, jadidlardan yiroqlashish milliy o‘zlikdan, yuksak maqsadlardan, milliy ma’rifat asosidagi milliy taraqqiyotdan, milliy birlikdan yiroqlashish ekanligini ko‘p ham anglamadik.
“...Bu tunda yorug‘ sham yonmas, chaqmasa gugurtni asl o‘g‘ullar...”. Prezident boshchiligida bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashinining kengaytirilgan tarixiy yig‘ilishi go‘yoki ziyo taratib, haqiqatni ko‘rsatgandek bo‘ldi.
Nazarimda, bu yig‘ilishda aytilgan har bir so‘z jadidlar orzusi, jadidlar so‘zi, nafasidek yangradi. Hatto ko‘z o‘ngimda milliy yetakchimiz siymosida jadidlar yana qayta dunyoga kelgandek bo‘ldi. Chunki bugun mamlakat o‘z oldiga qo‘ygan eng yuksak maqsadlar jadidlar yaratmoqchi bo‘lgan, bugun bunyod bo‘layotgan yangi uyg‘onish davri orzusidir.
Maqsad qancha ulkan bo‘lsa, mashaqqati, zahmati ham shunga yarasha bo‘ladi. Ammo, unga erishish yo‘lidagi shiddat, samaralar ortidan keladigan ruhiy halovat oldida u zahmatlar hechdir. Chunki barchamiz ko‘rib turibmiz, dunyo xaritasida kuchli markazlar o‘zgalarga bosim tazyiq o‘tkazayotgan bir paytda Vatanimiz milliy birlik, inson qadri, ilm olish g‘oyasi bilan istiqbol sari dadil qadam tashlab bormoqda.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali erkimiz, mustaqilligimizga nisbatan aytilayotgan aljirashlar, ma’naviy tahdidlar, axborotlar kurashi, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimidagi chuqur transformatsiya jarayonlarining barchasi bizga uyg‘oq qalblar, jasoratli ziyolilar kerakligini yana bir bor eslatib turibdi.
Shu kunlarda millionlab yuraklarda milliy birlik olovi yondi. Vatan va xalq kelajagi haqida kim qanday yo‘sinda, qanday o‘rtanish, katta jur’at va jasorat bilan so‘z aytar ekan, barchasining mohiyatida jadid ma’rifatparvarlari peshvosi Mahmudho‘ja Behbudiyning “Haq olinur, lekin berilmas!” degan qilichdek so‘zlari yarqirab ketdi.
Ha, biz buyuk millat, buyuk el bo‘lgan, bobolari qudratli davlatlar barpo etgan, ilmu fazlda yuksak maqomlarga ko‘tarilgan millatmiz! Prezidentmiz iftixor bilan aytganidek, “Buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz!” Lekin shu merosni asrash, kelajak qo‘liga tutqazish, farzandlarimizni yana asrlar davomida shunday bebaho boylik bilan ta’minlashning yagona sharti – bugun har birimizning qalbimizda jadidlar solgan uchqunni olovga aylantirishdir.
Prezidentimiz kuyunchaklik bilan aytgan quyidagi so‘zlar butun jamiyatga, millionlab qalblarga uyg‘onish ruhini olib kirdi: “Tarixdan ma’lum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”.
Bugun mendan “yig‘ilish qanday o‘tdi?” deb so‘raganlarga bitta javob bermoqdaman: “Bu yig‘ilishdan keyin jadidlar qayta tug‘iladi!”
Negaki, bugungi tahlikali dunyoda bizga ijtimoiy axloq, ma’naviyat, ma’rifat nuri, fidoyilik va yuksak vatanparvarlik ruhi, har qachongidan ham zarurdir. Har qanday yuksak iqtisodiy va ma’rifatli jamiyat asosida avvalo inson kamoloti, uning fikriy yuksalishi turadi. Uning o‘q ildizida esa axloq va ruh tarbiyasi turgan. Zero, axloqsiz mukammallikka erishib bo‘lmaydi.
Yig‘ilishda har qanday millatni ma’naviy birlik asosida yuksak maqsadlar yo‘lida birlashtiradigan yuksak ta’lim-tarbiya, ma’naviy kamolot, milliy g‘oya masalasiga bejiz alohida ahamiyat qaratilmadi.
Zero, milliy g‘oya har bir millat hayotiga yangicha mazmun baxsh etadigan, xalqning tub manfaatlarini ifodalaydigan, uni ulug‘vor maqsadlar sari birlashtiradigan va safarbar qiladigan eng ezgu, eng qudratli da’vatlar majmuidir.
Aynan milliy g‘oya – ijtimoiy, ma’naviy zarurat, u jamiyatga yangicha ruh, shijoat bag‘ishlaydi. Inson maqsadsiz yo‘lini yo‘qotadi, buyuk maqsadsiz ulug‘vor ishlar qilolmaydi, deb bejiz aytilmagan. Milliy g‘oya birdamlik, fidoyilik, vatanparvarlik bilan amalga oshadi.
Ana shu nuqtai nazardan davlatimiz rahbari ma’naviy-ma’rifiy sohada o‘tkir va ko‘ndalang bo‘lib turgan eng muhim masalalarga e’tibor qaratdi. “O‘zimizga bir savol berib ko‘raylik: biz hozirgi keskin sharoitda g‘oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi? Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy o‘ylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Agar biz bu yorug‘ dunyoda “o‘zbek”, “O‘zbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan bo‘lsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish bo‘yicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech bo‘ladi.”
Ko‘rinib turibdiki, bugungi kun nafaqat iqtisodiy, balki tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy, mafkuraviy sohalarda ham shiddatli raqobatga tayyor bo‘lishimizni talab etmoqda. Demak, kechiktirmay bu boradagi tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy yondoshuvlarimiz, dasturlarimiz, tizimlarimiz, burch va mas’uliyatimizni tubdan tanqidiy ko‘rib chiqishimiz lozim.
Davlatimiz rahbari bejiz: “Bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi kerak, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shart!” deb aytmadilar. Bu bitta, ikkita shu sohaga aloqador tashkilotning emas, butun jamiyatning harakatiga aylanishi kutilmoqda. Bu ishlardan birorta soha, birorta vazirlik va idoraning chetda turishi mumkin emas.
Chunki millat va xalq, Vatan qismatiga daxldor eng yuksak g‘oyalar, millatparvarlik ruhi ma’naviy zaminda voyaga yetadi. Tariximizdagi Ikki buyuk Uyg‘onish zamirida ham avvalo ma’naviy jasorat yotadi. Jadid bobolarimiz milliy hurriyat yo‘lidagi kurashda bejiz ma’naviyat va ma’rifat yo‘lini tanlamadi.
Onam tili, otam uyi, bolam orzusini bermayman! O‘zligim — borim, erkim – nafas, ma’rifatsizlik – qafasdir, dedilar. Ular yangi kuch-jadidlarga aylandi, yonsak shunday yonaylikki, toki olovi yillar davomida o‘chmasin, dedi. Ular otildi, lekin o‘lmadi, kitobi yoqildi, lekin yonmadi, unutishga majburlashdi, lekin xalq unutmadi. Birgina Cho‘lponning otashin so‘zlarini eslaylik:
Ol bayrog‘ingni, qalbing uyg‘onsin,
Qur yangi davlat, yovlar o‘rtansin!
Yangi O‘zbekistonda duv-duv gap!
Xalqimizda “Yaxshi so‘z ham omonat, uni o‘zgalarga yetkazish kerak”, degan ibora bor. Prezident raisligida o‘tgan mazkur yig‘ilishning ovozasi bugun mamlakatimizning har tarafida: ziyolilar qalbidan tortib mahallalar, xonadonlargacha yetib bormoqda.
O‘sha kuni Prezident tomonidan mahallalarda keng ko‘lamli islohotlarni balandparvoz gaplar bilan emas, aniq hayotiy misollar bilan sodda, tushunarli, yangi usulda yetkazish lozimligi ta’kidlangan edi. O‘sha kuni mazkur anjumanda ishtirok etgan “Ma’naviyat karvoni”ning esh peshqadam vakillari bo‘lgan taniqli olimlarimiz, shoir va yozuvchilarimiz, san’at va madaniyat namoyandalari xalq ichiga, qalbiga otlandi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi va Toshkent shahar hokimligi hamkorligida Toshkent shahri bo‘ylab keng ko‘lamda yangi kuch, yangi g‘oyalar bilan aholiga yuqori kayfiyat, ruhlantiruvchi kuch beradigan “Mahallada duv-duv gap” ma’naviy-ma’rifiy tadbirlari boshlandi.
Taniqli olimlar – Oqil Salimov, Jamila Shermuhammedova, Shavkat Ayupov, Qahramon Allayev, Narzulla Jo‘rayev, Sadriddin Turopjonov, Oynisa Musurmonova, Mansur Bemurodov, Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Dilorom Bobojonova, shoir va yozuvchilar – Sirojiddin Sayyid, Zulfiya Mo‘minova, Mahmud Toyir, madaniyat va san’at vakillari – Ozodbek Nazarbekov, Munojot Yo‘lchiyeva, Yodgor Sa’diyev, Gavhar Zokirova, Erkin Komilov, G‘ulomjon Yoqubov, Shuhrat Dadajonov, Mirodil Qilichev kabi yuzlab fidoyilarimiz ma’naviy tadbirlarning qalbiga aylandi. Tadbirlar xalqimiz yuragida jaranglayotgan “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida bo‘lib, 1 oy mobaynida 5 ta yo‘nalish bo‘yicha poytaxtimizdagi 585 ta mahalla to‘liq qamrab olinishi rejalashtirildi.
Shuningdek, teatrlar, muzeylar, saylgohlar, yangi O‘zbekiston davrida bunyod etilgan diqqatga sazovor joylarga tashriflar; mahallalarda, ta’lim muassasalarida kitob yarmarkalari, kitobxonlik va adabiy kechalar; “Zakovat”, “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa” va “Besh muhim tashabbus” kabi ma’naviy-ma’rifiy va sport loyihalari o‘tkazilib kelinmoqda. Bunyodkorlik ishlari natijasida yurtimiz qiyofasining o‘zgarib borayotgani, mahallalarning avvalgi va bugungi ko‘rinishi haqida maxsus videoroliklar namoyish etilmoqda.
Quvonarlisi, mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar nafasi Yangi yildan boshlab respublikaning barcha hududlariga yoyilmoqda. Ma’naviyat va ma’rifat kengashida yangragan so‘zlar har bir yurakka kirib bormoqda
Ha, ma’naviyat va ma’rifat barcha zamonlarda tengsiz qudrat, baxt-saodat, tinchlik, bunyodkorlik, hamjihatlik mezoni, ruhiy poklanish va qalbni yuksaltiruvchi ne’mat bo‘lib kelgan. Chunki u millatni, xalqni, demakki, insonlarni hamisha uyg‘onishga, ezgulikka, taraqqiyotga, bu olamni obod qilishga, go‘zallikka burkashga chorlagan. Hazrat Alisher Navoiy aytganlaridek:
Bu chaman o‘lmog‘ida mavjud anga,
Bor edi inson guli maqsud anga.
Kimki, mana shu ezgu maqsad yo‘lida insonni bu olamni gulga burkaydigan, ya’ni uni farovon qiladigan bunyodkor, yaratuvchi kuch deb qadrlar ekan, shaksiz o‘sha yerda obodlik bo‘ladi. Xalq qudratini jamlab umumxalq murodu maqsadiga eltuvchi yo‘lga boshlay oladigan, xalq, millat qudratini to‘g‘ri yo‘naltira oladigan milliy yo‘lboshchi rahnamoligida xalq tengsiz bunyodkor to‘lqinga aylanadi.
Davlatimiz rahbarining “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni, ruhi ma’naviyatdir” degan so‘zlari mohiyati bugun yanada kengroq mazmun kasb etmoqda. Chunki ma’naviy asoslarsiz, ma’naviy negizlarsiz, ma’naviy qadriyatlarsiz, milliy ruhsiz hech bir davlat o‘zining yuksak maqsadlariga erisha olmaydi. Agar biz bobolarimiz yaratgan ikkita Renessans asosiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ikkalasida ham iqtisodiy va ruhiy rivojlanishning uyg‘unligini ko‘ramiz. Shunday ekan, har bir sohaga ruhiy-ma’rifiy, ijtimoiy axloqning mustahkam poydevori sifatida ma’naviyatni olib kirishimiz lozim.
Umuman, nafaqat iqtisodiyot, balki boshqa sohalarni ham ma’naviyatsiz tasavvur qildish qiyin. Chunki, ma’naviyat taraqqiyotga kuch va ruh beradi. Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ta’kidlaganlaridek: “Kiyimning yuza qismi qanchalik yaltiroq bo‘lmasin, uning ichi nobop, ayniqsa, kir bo‘lsa, bu illat, albatta, yuzaga uradi”.
Jamiyat o‘zgarayapti, maktab o‘zgarayapti, ota-onalarning farzand tarbiyasidagi mas’uliyati ham o‘zgaryapti. Endi bu o‘zgarishlar faollik, tashabbuskorlik, yuksalish bosqichlariga kirishi kutilmoqda.
Mahallalarda o‘tayotgan tadbirlar doirasida ziyolilar ishtirokidagi uchrashuvlarda aholisi tomonidan: “Men pensiya pulimdan nevaramni “G‘uncha” jurnaliga obuna qilaman”, “Kitoblarim ko‘p, uyimda mahallamdagilar uchun kutubxona ochaman”, “Jadid” gazetasi chiqarkan, albatta unga oilamiz uchun obuna bo‘laman”, “Mahallamizni jinoyatsiz, ajrimsiz maskanga aylantiramiz”, “Har bir xonadonda kutubxona tashkil qilamiz”, “To‘yxonalarimizni o‘quv markazlariga aylantiramiz”, degan fikrlarni eshitib, yangi ma’naviy uyg‘onish nasimlarini his etyapmiz.
Tilda, fikrda va ishda birlik!
Yangi O‘zbekistonda ma’naviy yuksalish sari yangi davr, yangi bosqich boshlandi. Zero, bugun Yangi O‘zbekistonning, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishning mustahkam iqtisodiy, moddiy-texnik, ma’naviy asoslari yaratilmoqda.
Ma’naviy-ma’rifiy sohadagi bu o‘zgarishlar va Prezident tashabbuslaridan so‘ng jadidlarning “Tilda, fikrda va ishda birlik” g‘oyasi tilimda qayta-qayta yangrayverdi. Bu g‘oya yuqorida ta’kidlaganimizdek, milliy birlik, hamjihatlik asosida yanada mustahkamlanadi, amalga aylanadi.
O‘tgan qisqa davr ichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatimizda ma’naviyat va ma’rifat sohasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur qaror doirasida bugun Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan 100 dan ziyod vazirlik va idoralar, 14 ta hudud hokimliklari hamda hududlardagi ko'plab tashkilotlar bilan qo‘shma dasturlar ishlab chiqilib, ular faoliyati muvofiqlashtirilmoqda.
2021–2023 yillarda shahar va tumanlarda 195 ta “Ma’naviyat va ma’rifat maskani”ni barpo etishning manzilli ro‘yxati tasdiqlandi.
Joriy yil yakuniga kelib, 173 ta tuman (shahar)da Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari barpo etildi. Andijon, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida rejalashtirilgan maskanlar to‘liq ishga tushirildi.
Markaz huzurida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tashkil etilganidan buyon 3 yil davomida 3117 nafar Markaz tizimi, vazirlik, idora va davlat ijro organlarining ushbu sohaga mas’ul xodimlari malakasi oshirildi.
Joriy yilda 1 ta xalqaro anjuman, 2 ta xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, 5 ta respublika anjumani, 7 ta respublika ilmiy-ma’rifiy konferensiya hamda 242 ta o‘quv-seminari tashkil etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati va Toshkent shahrida Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlab “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi o‘rni” mavzusida xalqaro anjuman;
Andijon viloyatida “Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining bashariyat ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Xalqaro tadbirlarda ishtirok etish maqsadida 45 ta davlatdan 52 nafar mutaxassis olim va ekspert yurtimizga tashrif buyurdi.
Ma’naviy-ma’rifiy jarayonlardagi faolligi uchun mamlakatimizning 179 nafar fuqarosi “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha yangi elektron platforma ishga tushirildi. Jamiyat huzurida 40 nafar iqtidorli yoshlardan iborat “Yosh targ‘ibotchilar harakati” tashkil etilib, jamiyat a’zolari soni 810 nafarga yetkazildi. “Oyina” ma’naviy-ma’rifiy portali ishga tushirildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda “Ma’naviyat festivali” turkum tadbirlarini o‘tkazish katta an’anaga aylandi. Prezidentimizning “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan ezgu da’vatlari asosida mamlakatimiz bo‘ylab ilk marotaba “Ma’naviyat marafoni” bo‘lib o‘tdi. Milliy bayram tusini olgan ushbu marafon butun yurtimiz bo‘ylab katta aks-sado berdi.
Marafon doirasida 30 ta loyihani o‘z ichiga olgan 23 ming 485 ta tadbir tashkil etilib, 3 million 106 ming 817 nafar aholi, xususan, nuroniylar, yoshlar, xotin-qizlar, davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, talabalar, o‘quvchilar va uyushmagan yoshlar ishtirok etdi.
8 ta hudud (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari)dagi 48 ta chegaraoldi mahallalarda yashovchi yoshlar turli yot g‘oyalar girdobiga tushib qolishining oldini olish, ularni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyat hamda an’analarga hurmat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida Markaz hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hamkorligida “Vatan ostonasi” festivali o‘tkazildi. Ushbu festivalda 12 mingga yaqin yoshlar ishtirok etdi.
Mart, aprel, iyun va avgust oylarida “Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari!”, “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!”, “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiorlari ostida 14 ta hududda “Ma’naviyat festivali” o‘tkazildi. Festival doirasida 1834 ta tadbir tashkil etilib, 350 ming nafar aholi ishtirok etdi.
Joriy yilda o‘tkazilgan “Eng namunali tuman va shahar” tanlovida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tavsiyasiga ko‘ra, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli yo‘lga qo‘ygan, bu borada yuqori samaradorlikka erishgan hamda o‘z hududida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlagan 14 ta tuman va shahar; “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida 23 ta vazirlik va idora ishtirok etdi. G‘oliblarga Prezident sovg‘asi – “Damas” avtomobili, 40 million so‘m, 25 million so‘m pul mukofotlari, 15 million so‘mlik kitoblar to‘plami, qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalaridagi islohotlarning eng muhim strategik yo‘nalishlari mazmun-mohiyatini ochib berishga qaratilgan 12 turdagi “Yangi O‘zbekiston” plakatlar to‘plami 11 ming nusxada nashr etilib, 10 ming donasi umumta’lim maktablariga jihozlash uchun topshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida so‘nggi 5 yil ichida amalga oshirilgan tarixiy ulkan bunyodkorlik ishlari, aholi turmush tarzidagi ijobiy o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirgan “Yangi Mo‘ynoq” kitob-albomi tayyorlanib, o‘zbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida 3000 nusxada chop etildi. Toshkent va Nukus shaharlari hamda Mo‘ynoq tumanida keng jamoatchilik vakillari ishtirokida “Yangi Mo‘ynoq” kitob-albomining taqdimotlari o‘tkazildi.
Albatta, bu kechagi kun, kechagi natijalar. Bizning Yangi yildagi faoliyatimiz yuksak da’vatalarga munosib bo‘lishi lozim.
Ma’naviyat – munavvarlikdir
Bugun zamon oldimizga qo‘yayotgan talablar oldida ma’naviyat deb atalmish yangi kuch va harakatning bir bo‘lagi, deb bilguvchi vatandoshlarmiizning qadami shahdam bo‘lishi, ular hammadan ildam yurishi zarur va shartdir. Zero, davlatimiz rahbari “Ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi kerak, bugun ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak!” deb bejiz aytmadi.
Men ziyoli umrini shamga o‘xshatar edim, u o‘zi yonib erisa ham, taralgan nuri atrofni nurafshon qiladi, derdim. Lekin hozir endi ziyolilarimizni tarixdagi buyuk qahramonlarimizga o‘xshatgim keladi. Zero, ziyolilar, ilm ahli bugun yangi kuch sifatida ma’naviy jasorat maydoniga chiqishi har doimgidan ham muhim, suv va havodek zarurdir.
Prezident tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar asosida “Surxondaryo tajribasi” misolida mamlakatimizda ilk marotaba Ma’naviyat sektori tashkil etildi. Mazkur sektor yurtimizda ilk bor ma’naviyat sohasida yangi qon, yangi yurak bo‘lib urishi uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Muhimi, bu boradagi ishlarimizni yanada jadallashtirish uchun 2024 yildan boshlab har yili 100 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.
Kengashda o‘sha kuni yana bir xushxabar aytildi. YUNESKO Bosh konferensiyasi sessiyalari qariyb 40 yildan buyon faqat Parijda o‘tkazilar edi. 2025 yilda esa bu konferensiyaning sessiyasini birinchi marta boshqa shaharda, ya’ni, bugun eng nufuzli xalqaro anjumanlar markaziga aylanayotgan Samarqandda o‘tkazish belgilandi. Ushbu nufuzli anjumanga Tashkilotga a’zo barcha davlatlardan vakillar tashrif buyuradi.
Bu nimani anglatadi? Bu asrlar davomida dunyo tamadduniga o‘z so‘zi, o‘z ilmi, o‘z zehnini chiroq qilgan millat bugun yana o‘z o‘rnini topayotganini, bu millatning buyukligini tan olish, ularga yuksak hurmat, hayrat bilan qarash lozimligini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ymoqda. Voqelikka “Samarqand ruhi” qaytmoqda.
Yana bir xushxabar, Yangi yil arafasida Yangi O‘zbekiston hayotida ulkan tarixiy voqea sodir bo‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev maxsus tugmalarni bosib umumiy quvvati 2,4 gigavattlik mamlakatimizning 6 ta hududida “yashil” elektr stansiyalariga oq fotiha berdi. Ulkan qurilmalardan adoqsiz simlar orqali 2 million xonadonga yangi nur oqimi-uzluksiz va kafolatli elektr energiyasi kirib bordi.
Mazkur tantanali marosimda ishtirok etarkanman, dilimdan shunday o‘ylar o‘tdi: “Ajab, agar elektr quvvati bo‘lmasa, uylarimizga taft kirmaydi, tunlar xonadonlarimiz munavvar, yo‘llarimiz nurafshon bo‘lmaydi. Ish joylarimizda dasgohlarimiz “jonsiz” qurilmaga aylanadi, mehnatda unum bo‘lmaydi. Bizni yaqinlar, dunyo bilan bog‘layotgan telefonlarimiz bir parcha matohga aylanadi. Bu ko‘zga ko‘rinmas ne’mat mohiyatida “munavvar nur” yashirin. Bugun bu nursiz taraqqiyot yo‘q, bu nursiz farovonlik bo‘lmaydi. Qarang, ma’naviyat ana shunday ko‘zga ko‘rinmas munavvar nurga o‘xsharkan. U kirmagan xonadon, qalb zulmat asiriga aylanadi, hech qachon munavvar bo‘lolmaydi.
U kirmagan qalb tubanlik, jaholat, fahsh, razolatdan sovuq zimistonga aylanadi. Ma’naviyat - tuganmas ruhiy quvvatdir, u bilan ko‘ngil chiroqlari, tafakkur qandillari yonadi. U bor joy odamiylik ziyosi bilan charog‘on bo‘ladi. Nazdimda 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi kuch” deb atalmish tugmani bosib betimsol munavvarlik manbai bo‘lgan “Ma’naviyat nuri”ni 36 milliondan ortiq fuqarolarimiz qalbiga yo‘naltirdi. Olloh nasib etsa, kirib kelgan yangi – 2024 yildan boshlab har bir qalb charog‘on bo‘lgusidir.
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova yozib oldi.