Mamlakatimizning kelgusi yetti yillik taraqqiyotini, rivojlanish strategiyasini belgilab beruvchi muhim dasturiy hujjat — “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan maqsad-vazifalar ijrosini ta’minlash, ularni keng targ‘ib-tashviq qilish uning hayotiyligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois ham Strategiya mazmunini, ahamiyatini turli soha vakillari va yoshlar orasida tushuntirishga qaratilgan ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Parlament quyi palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan Xalqaro Nordik universitetida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishning iqtisodiy va huquqiy asoslari” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbati ham shu maqsadga qaratildi. Unda tadbir ishtirokchilariga Strategiyaning ahamiyati, unda iqtisodiy yo‘nalishda belgilangan vazifalar haqida ma’lumotlar berildi.
— “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi xalqimizning erkin va farovon yashashi, davlatimiz ravnaqi, yuksak maqsadlarimizni ro‘yobga chiqarishda muhim dasturilamal hujjat bo‘ldi, — dedi qo‘mita raisi o‘rinbosari Durbek Ahmedov. — Unda har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan.
Xususan, Strategiyada barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan qator vazifalar, tashabbuslar mamlakatimizning iqtisodiy qudratini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Jumladan, bu borada hujjatda 2030 yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish va “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish asosiy maqsad qilib olinmoqda. Bunda kelgusi yetti yillikda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish, eksport hajmini 2 barobar oshirib, 45 milliard dollarga yetkazish, eksportchi korxonalar sonini 6,5 mingtadan 15 mingtaga yetkazish, eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar hajmini 3,3 barobar ko‘paytirish kabi muhim vazifalar belgilangan. Bu kabi maqsad-vazifalarning amalga oshirilishi davlatimiz rivojiga, aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Davra suhbati davomida ishtirokchilar ham o‘z fikrlarini bildirdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
M.Komilova, O‘zA