15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida tantanali bayram tadbiri tashkil etildi.
Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zuhra Mirg‘oziyeva, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari Sayyora Fayziyeva, Oqqo‘rg‘on tumani hokimi To‘ra Bobolov, viloyat ijtimoiy hayotidagi turli sohalarda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan tashabbuskor va faol xotin-qizlar, onaxonlar, hudud faollari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashgan tadbirda dastlab ishtirokchilar “Boyg‘uli” mahalla fuqarolar yig‘inidagi ibratli oilalar hayoti bilan tanishdi.
Bu hududdagi ko‘plab oilalar tomorqasida chorvachilik va asalarichilik bilan shug‘ullanib, o‘zini o‘zi band qilmoqda. Bundan ko‘rilayotgan daromad ham yaxshigina. Tadbir ishtirokchilari ular bilan suhbatlashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Mahalla guzarida xotin-qizlar qo‘l mehnati bilan tayyorlangan hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etildi. Bayram dasturxonida viloyat faollari so‘z olib, munis ayollarni, latofatli qizlarni samimiy tabrikladi.
Qayd etilganidek, qishloq joylarida yashayotgan ayollarning kundalik yumushlar bilan bir qatorda, jamiyatning ijtimoiy hayotida birdek faol qatnashayotgani tahsinga sazovor. Oxirgi yillarda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, qonuniy manfaatlarini himoyalash, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, oila institutini mustahkamlash, onalik va bolalikni himoya qilishga qaratilgan ko‘plab chora-tadbirlar o‘z samarasini beryapti.
Hozir Toshkent viloyatidagi 1 million 488 ming 903 nafar xotin-qizning 75,3 foizi olis va chekka hududlarda yashaydi. O‘tgan davrda qishloq joylaridagi 44 ming nafar ishsiz xotin-qizning 13 ming nafari doimiy ishga qabul qilindi, 25 ming nafari kasb-hunarga o‘qitilib, o‘zini-o‘zi band qilishiga erishildi.
Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun birgina 2023 yilning 9 oyi davomida 12 ming 857 nafar ayolga kredit mablag‘lari ajratildi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 79 ming 528 nafar xotin-qizga amaliy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, 30 ming 394 nafar ishsiz xotin-qizning bandligi ta’minlanib, 3 ming 461 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. Aslida bu boradagi ishlarning sarhisobi juda salmoqlidir.
Tashabbuskorligi, intiluvchanligi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh faol xotin-qizlar taqdirlandi.
–48 yildan beri pillachilik bilan shug‘ullanaman, – deydi Bekobod tumanida yashovchi N. Tursunova. – Bu kasb ota-bobolarimizdan bizga meros bo‘lib o‘tib kelyapti. Men uchinchi avlodman. Shu paytgacha yuzdan ziyod shogird yetishtirdim. Ishim o‘zimga yoqadi, shuning ortidan elda hurmat topganmiz. Mana 34 yildirki, pilla qurti uchun maxsus inkubatoriyalarda urug‘ tayyorlanadi va tumanimizning 5 ta hududiga ipak qurti yetkazib beramiz. Shu bilan birga, mavsumda oilaviy pilla qurti boqib, sifatli mahsulot topshiramiz. Topayotgan daromadimiz hisobidan o‘zimiz yashayotgan “Savrak” MFYda oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotini ishga tushirdik. 50 nafardan ziyod bolani bog‘chaga qamrab oldik. Bayram munosabati bilan biz kabi ayollarning mehnatini alohida e’tirof qilishganidan xursandman.
San’atkorlar ijrosidagi dilbar kuy-qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/MJB1lNmsJAQ" title="Қишлоқ аёлларига эҳтиром кўрсатилди" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
A.Musayev, O‘zA muxbiri