Andijonda “Yangi ma’naviy makon yaratish, ma’rifatli jamiyat qurish sari” shiori ostida ma’naviyat va ma’rifat forumi o‘tkazildi.
Andijon viloyati Ma’naviyat va ma’rifat kengashi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, Qori Niyoziy nomidagi pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Andijon davlat universiteti hamkorligida tashkil etilgan forumda ma’rifat targ‘ibotchilari, olimlar, ijodkorlar, o‘qituvchilar, yoshlar ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimi Andijon shahridagi Cho‘lpon xiyobonida o‘tkazildi. Dastlab ishtirokchilar Cho‘lpon haykali poyiga gulchambar qo‘ydi, ijodkor yoshlar Cho‘lpon she’rlaridan namunalar o‘qidi. Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda keyingi yillarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, aholining ma’naviy darajasini yuksaltirish, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni ulug‘lash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
– Ma’naviyat forumini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad joriy yilning iyul oyida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi faollari va bir guruh ma’rifat targ‘ibotchilarining O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Abdulhamid Nurmatov. – Qolaversa, Yangi O‘zbekistonni barpo etayotgan yurtdoshlarimizning kayfiyatini, ruhiyatini ko‘tarish, aholining ma’naviy darajasini yuksaltirish, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni, shuningdek, hayotimizda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar mazmun-mohiyati, ahamiyati, tinch va osoyishta hayotimizning qadr-qimmatini keng targ‘ib etish ko‘zda tutilgan.
Shundan so‘ng ishtirokchilar Cho‘lpon xiyobonida joylashgan viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonasiga tashrif buyurib, ziyo maskanida jismoniy imkoniyati cheklangan kitobxonlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, kutubxona jamoasi bilan muloqotda bo‘ldi.
– Kutubxonamizda Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda kitobxonlar ishtirokida juda ko‘p ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi, – deydi kutubxona direktori O‘rmonjon Nurmatov. – Bu nafaqat jamoamiz a’zolari, balki kitobxonlarimizning ma’naviy dunyosini boyitishga, islohotlar mazmun-mohiyati, yurtimizda inson qadrini ulug‘lash borasida olib borilayotgan xayrli ishlar ahamiyatini yanada chuqur anglashiga yordam bermoqda.
Muhammad Yusuf ijod maktabida o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlarning ma’naviy tarbiyasi, bu boradagi yutuq va muammolar xususida atroflicha so‘z yuritildi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Ma’naviyat va she’riyat bayramiga aylangan tadbirda ijod maktabi o‘quvchilari tomonidan she’rlar o‘qildi, badiiy dastur namoyish etildi.
– Ta’lim-tarbiya masalasi jamiyatimizdagi eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon shahar bo‘linmasi rahbari Ravshanoy Jo‘raboeva. – Shu bois ham Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi faollarining xalqimizga qilgan murojaatida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilgan.
Andijon shahridagi 56-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbirda ta’lim-tarbiya, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, bu orqali yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish bo‘yicha takliflar bildirildi.
“O‘zbekiston – umumiy uyimiz” mavzusida viloyatda faoliyat yuritayotgan milliy-madaniy markazlarning chiqishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Forum doirasida Andijon davlat universitetida o‘tkazilgan tadbirlar haqiqiy ma’naviyat bayramiga aylandi. Bu yerda ishtirokchilar dastlab ma’naviy-ma’rifiy va boshqa mavzulardagi kitoblar, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari bilan tanishdi.
“Kattalar ibrati – ma’naviyat sabog‘i” mavzusidagi uchrashuv muloqotda faxriylar ma’naviyatni yuksaltirish borasidagi boy hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi, talaba yoshlarga o‘zlarining o‘git va maslahatlarini berdi. Mazkur yo‘nalishda nuroniylar, mehnat faxriylari tomonidan olib borilayotgan ibratli targ‘ibot ishlari haqida keng ma’lumotlar berildi.
Andijon davlat universiteti rektori, professor Akramjon Yuldashevning “Ma’naviy yetuklikning asosi ilmdir”, Qori Niyoziy nomidagi respublika pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor Xolboy Ibragimovning “Umumta’lim maktablarida ma’naviy tarbiyaning yangi shakllari”, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Andijon hududiy bo‘linmasi rahbari Farhodbek Otaxonovning “Yoshlarni yot g‘oyaviy tahdidlardan asrash usullari”, Bobur nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Gulnoraxon Ismoilovaning “Kitobxonlik – zamon talabi”, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Zohidjon Tojiboyevning “Axborot ochiqligi sharoitida OAV, ijtimoiy tarmoq faollari va blogerlar faoliyatining huquqiy mezonlari” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi.
Ma’ruzalar yuzasidan munozaralar, savol-javoblar o‘tkazildi. Guruhlar doirasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Forum yakunida “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyatining hamda turli sohalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda ibratli faoliyat olib borayotgan bir guruh faollar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA