O‘zbekistonda uzumning 40 dan ziyod navlari yetishtiriladi va har yili 13 ta davlatga eksport qilinadi. Birgina 2022 yilning yanvar-oktyabr oylarida xorijga qiymati 216,6 million dollarga teng bo‘lgan 245,2 ming tonna uzum eksport qilingan.
Uzum yetishtirish bo‘yicha Oltiariq, Samarqand, parkentlik dehqonlarga yetadigani yo‘q. Ayniqsa, “Oq husayni”, “Kelin barmoq”, “Ketmonsopi”, “Mersedes”, “Toyfi”, “Kishmish”, “Rizamat” kabi uzum navlarini oltiariqlik dehqonlar yetishtirib, ko‘proq Rossiya hamda Qozog‘istonga eksport qiladi.
Afsuski, bu yil bozorlarimizda uzum narxi ancha oshgan? Buning sababi nimada? Hosil kamligidami yoki boshqa sababmi?
O‘zA muxbiri poytaxtimizdagi “Qo‘yliq” dehqon bozorida bo‘lib, sotuvchi hamda xaridorlar bilan suhbatlashdi.
—Xaridorlar eng ko‘p talab qiladigan “Shirin Bayan” navli uzumni 15 ming, “Kelin barmoq”ni esa 30 mingdan sotyapmiz, — deydi sotuvchi Orzigul Omonova. — Bu yil uzumning hosili kamligi sababli o‘tgan yildagidan anchagina qimmat. Misol uchun, o‘tgan yili “Kelin barmoq” navini 15 mingdan sotgan edim.
Uzum haqida gap ketganda, albatta, oltiariqliklar yodga olinadi. Sababi, yurtimiz bozorlariga eng sara navli uzumlarni oltiariqlik mirishkor dehqonlar yetkazib berishadi.
— Bu yil ham Oltiariqda uzum yaxshi hosil berdi, — deydi tumanning Povulg‘on qishlog‘ida yashovchi mirishkor dehqon Vohid Boltaboyev. — Faqat anomal sovuq tufayli Tojikistonning tog‘li hududlariga yaqin joylarda uzumni sovuq urib ketdi. Oltiariq uzumlariga sovuq ta’sir qilmadi. Boshqa viloyatlarda uzum yaxshi hosil bermagani tufayli narx anchagina oshgan.
“Qo‘yliq” bozoriga tez-tez kelib turaman. Bog‘imda yetishtirgan “Rizamat” navli uzumning yiriklarini 40-50, “Kelin barmoq” navini 30, oddiy navlarni 20 ming so‘mdan ulgurjisiga sotyapmiz.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha o‘tgan yilgi anomal sovuq tufayli qo‘shni Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘istondagi uzumlarning sara navlari nobud bo‘lgan.
— Qo‘shni davlat uzumlarini sovuq urgani tufayli O‘zbekistonda uzum eksportiga talab oshib ketdi, — deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Bog‘dorchilik va uzumchilik bo‘limi boshlig‘i Akmal Mirzayev. — Eksportga talab oshgani hisobiga narxlar biroz qimmatlashdi. Asosan “Rizamat”, “Mersedes” kabi eksportbop uzum navlarini sovuq olib ketgan. “Toyfi”, “Husayni” navlariga sovuq unchalik ta’sir qilmagan.
Sovuq ko‘proq aholi tomorqalaridagi tuproqqa ko‘milmagan uzumzorlarga zarar yetkazgan. Sovuqdan saqlab qolingan uzumzorlarimizda yaxshi hosil olish uchun agrotexnik tadbirlarni bajarganmiz. Lekin baribir bozorlarimizda aholi xonadonlaridan keltirilgan uzumlar kamligi sezilyapti.
Ma’lumot uchun aytib o‘tamiz, bugungi kunda yurtimizda uzumning 34 xil yangi navi yaratilgan bo‘lib, hozirda ularni ko‘paytirish uchun sa’y-harakatlar boshlangan.
Nigora Rahmonova, O‘zA