FAOning yangi loyihasi “O‘zbekiston-2030” strategiyasiga hamohang
Toshkentda “Iqlimga maqbullashtirilgan qishloq xo‘jaligi uchun yashil moliyalashtirish mexanizmini ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir FAOning O‘zbekistonda yashil moliyalashtirish mexanizmini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihasi doirasida tashkil etildi.
Seminarda yashil iqtisodiyot dasturlarini amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi davlat idoralari vakillari, shuningdek, ushbu sohadagi loyihalarni moliyalashtiruvchi O‘zbekiston bank sektori vakillari ishtirok etdi.
Yashil moliyalashtirish – bu atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish bilan bog‘liq loyihalarni yo‘lga qo‘yish. Global miqyosda yashil moliyalashtirishni amalga oshirish 15 yildan ziyod vaqtdan buyon rivojlanib kelmoqda hamda arzon va toza energiya, shaharlar, aholi punktlari barqarorligi, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga yordam beradi.
FAO yurtimizda yashil moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqishni va rag‘batlantirishni, xususan, iqlim sharoitini hisobga olgan holda ekologik toza qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlaydi. Iqlimga maqbullashtirilgan qishloq xo‘jaligi – bu barqaror dehqonchilik amaliyotini rivojlantirishga, uning iqlim o‘zgarishiga qarshi turish qobiliyatiga va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga yordam beradigan kompleks yondashuv.
- Moliyalashtirish tashabbuslari iqlimga maqbullashtirilgan qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi, - dedi FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov. - Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va dehqonchilikning barqaror usullariga alohida e’tibor qaratish orqali biz iqlimga maqbullashtirilgan qishloq xo‘jaligi sohasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun ichki va xalqaro investitsiyalarni jalb qilishimiz mumkin.
Qayd etish kerak, ushbu seminar mamlakatimizda yashil moliyalashtirish mexanizmini ilgari surish bo‘yicha FAO loyihasining rasmiy boshlanishini anglatadi.
FAOning yangi loyihasi “O‘zbekiston-2030” strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini amalga oshirishga hissa qo‘shishi ta’kidlandi.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligining mamlakat iqtisodiyotidagi roli, shuningdek, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq mavjud muammolarni hisobga olgan holda, iqlimga moslashtirilgan qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish usuli va siyosati muhim ahamiyatga ega.
Seminar davomida yashil moliyalashtirishning mavjud mexanizmlari tahlil qilindi, O‘zbekistonda iqlimga maqbullashtirilgan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun moliyalashtirish modellarini ishlab chiqishga innovatsion yondashuvlar muhokama qilindi.
Tadbir doirasida qishloq xo‘jaligida yashil moliyalashtirish vositalarini ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazishdan manfaatdor tashkilotlar guruhlari aniqlandi.
B.Xudoyberdiyev,
O‘zA