Munosabat
Keyingi yillarda mamlakatimizda yosh avlodga ta’lim va tarbiya berishni zamon talabi darajasida tashkil etish va bu boradagi huquqiy-normativ hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Statistik ma’lumotlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, so‘nggi 5-7 yilda davlat tomonidan ta’limga berilayotgan e’tibor ushbu sohada mustaqillikning dastlabki 25 yilida amalga oshirilgan ishlardan anchagina salmoqli ekanligini ko‘rsatadi.
Keling, ta’lim turlari bo‘yicha quyidagi tahliliy ma’lumotlarga e’tibor qarataylik: 2017 yilda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 4 917 ta bo‘lgan, 2022 yil yakuniga ko‘ra, bu raqam 6 384 taga yetgan. Tarbiyalanuvchilar soni esa 2017 yilda 655,9 nafar bo‘lgan, 2022 yilda 1 245,7 nafarni tashkil etgan.
2017 yilda umumiy o‘rta ta’lim maktablari soni 9 648 tani tashkil etib, undagi o‘quvchilar soni 5 261,8 nafar bo‘lgan. 2022 yilga kelib, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari soni 10 507 taga yetdi va shu dinamik o‘sishga mos ravishda o‘quvchilar soni 6 405,9 tani tashkil qildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarning oliy ta’lim olishiga katta sharoitlar yaratib berilmoqda. Oliy ta’lim muassasalari soni 2,5 barobarga ortib, 200 taga yetdi, qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshdi. Oliy ta’lim olish uchun imtiyozli kreditlash tizimi, ayollarga foizsiz kredit ajratish amaliyoti joriy qilindi.
2017 yilga qadar oliy ta’lim muassasalarida grant o‘rinlari soni faqat qisqarib keldi. So‘nggi besh yil ichida aksincha, grantlarni ko‘paytirish yo‘lidan borildi. Xususan, o‘tgan davrda oliy ta’limga ajratilgan davlat grantlari soni 75 foizga hamda ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni ikki baravarga oshirildi, shuningdek, nodavlat oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashga davlat granti ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Umuman olganda, ta’lim sohasidagi islohotlar natijasida maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 27,7 foizdan 67 foizga, maktablardagi malakali oliy ma’lumotli o‘qituvchilar ulushi 81,8 foizdan 87,8 foizga, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga yetkazildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olish huquqining nazarda tutilishi Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligiga zo‘r ishoradir. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – iqtidorli yoshlar uchun davlat granti asosida bakalavriat va magistratura bosqichida ta’lim olish orqali hayotda o‘zlarini to‘laqonli namoyon etish imkoniyatini kengaytirishdir.
Xususan, Bosh qomusimizning 51-moddasida fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqliligi, oliy ta’lim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga egaligi belgilab qo‘yilmoqda.
Shu nuqtai nazardan aytganda, mazkur konstitutsiyaviy qoidaning belgilanishi bu boradagi ijobiy yo‘nalish doimo saqlab qolinishini, davlat oliy ta’lim muassasalarida grant o‘rinlari yo‘qolmasligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ahamiyatlisi, davlat hisobidan bepul oliy ta’lim olish kafolati ham faqat tanlov asosida, keng raqobat sharoitlarini yaratgan holda munosib nomzodlar tanlab olinishi natijasida yoshlarning o‘z ustida ishlashi, hayotda yuqori marralarni belgilashiga olib keladi.
Bir so‘z bilan aytganda, iqtidorli yoshlarning bepul oliy ma’lumot olishi hamda bilimli, yuqori malakali va raqobatbardosh etib tarbiya topishi davlat va jamiyat rivoji uchun hal qiluvchi ahamiyatga egadir.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA